O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi. Hujjat bilan «O‘zbekenergo» qayta tashkil etiladi.
Xususan:
a) issiqlik elektr stansiyalari hamda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr markazlarini boshqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati;
b) “O‘zbekenergo” AJning tugatilayotgan “O‘zelektrtarmoq” UK va “Energosotish” filiali negizida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati:
v) elektr energiyani yakuniy iste'molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi;
Shuningdek, “O‘zbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning sohaga oid bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlari va ulushlarini keyinchalik 2019-2021 yillar davomida belgilangan tartibda sotish maqsadida balans qiymati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beriladi.
Ushbu kompaniyalar orasida ikkita bank bor - "O‘zsanoatqurilishbank" va "Ipoteka bank". Har ikkisida ham "O‘zbekenergo"ning ulushi 1,41 foizni tashkil qiladi. Ulushlar 2019 yilda sotilishi kerak.
Sotuvga qo‘yiladigan boshqa aktivlar orasida "Buxoro dehqon bozori" (0,07%), "Cho‘l parrandasi" (100%), "Navoiy savdo kompleksi" (5,4% va 1,75%), "Qurilish-lizing" (1,76%) va boshqalardagi ulushlar bor.
Yana 59ta aktiv - bino va inshootlardir. Masalan, elektr energiyasi hisoblagichlarini ishlab chiqaruvchi zavod, "Fitnes markazi" sport kompleksi, "Farhod" haykali binosi, omborxonalar, oshxonalar va boshqa ko‘plab narsalar.











