2 mart kuni Tailandning Bangkok shahrida Osiyo Olimpiya kengashining 38-Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshladi. Birinchi kuni Osiyo Olimpiya kengashining ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«Bosh Assambleya davomida 2019-2022 yillar uchun tashkilot rahbariyatiga, Ijroiya Qo‘mitasi va doimiy komissiyasiga a'zolar saylandi. Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidentligi lavozimiga Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovning ham nomzodi ilgari surildi. Saylovda ishtirok etganlar bir ovozdan Umid Ahmadjonov nomzodini qo‘llab-quvvatlashdi va shu tariqa u Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti bo‘ldi», deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Umid Ahmadjonov shuningdek Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi prezidenti ham hisoblanadi.
«Menga ishonch bildirib, ovoz berganingiz uchun rahmat aytaman. Ushbu ishonch menga g‘urur bag‘ishlaydi, shu bilan birga bu katta mas'uliyat hamdir. Men ushbu lavozimda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlarini himoya qilaman. Asosiy maqsadim XOQ Ijroiya Qo‘mitasi a'zolari safidan o‘rin olishdir. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tarkibiga kirish uchun bor kuchimni ishga solaman«, – degan Umid Ahmadjonov.











