Nurmagomedov, shuningdek, 500 ming dollar miqdorida jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Komissiya Makgregorga nisbatan ham chora ko‘rgan, u yarim yilga chetlatilgan va 50 ming dollarlik jarimaga tortilgan. Ikkala sportchi uchun ham diskvalifikatsiya muddati 2018 yil 10 oktyabrdan boshlab hisoblanadi.

Foto: Josh Hedges/Zuffa LLC

Nurmagomedovning diskvalifikatsiya muddati agar u bezorilikka qarshi yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturda ishtirok etsa, 3 oyga qisqartirilishi mumkin. Shu tariqa Xabib joriy yil aprelida yana oktagonga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Xabib chetlatilishiga ijtimoiy tarmoqlarda izoh bergan. Jumladan, u instagramda “Barchasi yakunlangandan keyin meni uyg‘oting”, deb yozgan.

Nurmagomedov, shuningdek, tvitterda qisqagina “Siyosat abadiy” degan yozuv qoldirgan. Ko‘rinishicha, sportchi shu tariqa u va Makgregorga qo‘llangan jarima sanksiyalari o‘rtasidagi katta tafovutga sha'ma qilgan.