Agar AQSh ma'muriyati va kongress chegaradagi devor qurilishini moliyalashtirishni o‘z ichiga oluvchi budjet bo‘yicha kelisha olmasa, Tramp Pentagonning budjet mablag‘larini qo‘llash uchun mamlakatda favqulodda vaziyat kiritishi mumkin.
“Biroq bunga qonun loyihasini qabul qilib erishgan ma'qulroq”, deb aytgan Malveni va bu chegarada devor qurilishini moliyalashtirishning eng maqbul yo‘li ekanligini ta'kidlab o‘tgan. “Ammo prezident mamlakatni himoyalash tarafdori va u buni kongress yordamida yoki bu yordamsiz amalga oshiradi”, deb aytgan Oq uy vakili.
Tramp 25 yanvarda kutilmaganda demokratlarga yon bosib, 15 fevralgacha bir qator davlat idoralarining vaqtinchalik budjetini imzoladi. U shu bilan AQSh tarixida eng uzoq davom etgan 35 kunlik “shatdaun”ga chek qo‘ygan.
Biroq Malveni Oq uy va kongress 15 fevralgacha kelisha olmasa, unda hukumat ishi yana to‘xtatilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.











