"Vazirlar Mahkamasi qoshidagi "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashkil etilganida zamonaviy oila qanday bo‘lishi kerakligi hamda unga qo‘yilgan talablar qanday ekanligiga doir savollar ustida ishlash jarayonida shunga amin bo‘ldikki, Oila kodeksiga ham, Mehnat kodeksiga ham o‘zgartirishlar kiritish kerak. Birinchi navbatda nikoh yoshi nuqtai nazaridan yigit va qizlarga bir xil yosh - muomalaga layoqatli bo‘lgan 18 yoshdan etib belgilash masalasi bo‘yicha taklif bilan chiqyapmiz. Bundan tashqari, olib borilayotgan qator ishlarga qaramay, ajrimlar masalasi juda katta muammoga aylangan. Hozircha ajrimlar keskin kamayishiga erisha olmayapmiz. Biroq ularni tahlil qiladigan bo‘lsak, ko‘pincha uchinchi tomon aralashuvi bilan ajrimlar yuz berayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shuning uchun biz uchinchi tomon aralashganda oila buziladigan bo‘lsa, qandaydir chora ko‘rish masalasini ham qonunlarga o‘zgartirish sifatida kiritmoqchimiz", - deydi Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p fuqarolar chet ellarga ishlashga ketishi natijasida ularni ishonchnoma orqali ajratish holatlari ham ko‘p kuzatilmoqda, 2019 yilda buni bekor qilish masalasini kiritish rejalashtirilmoqda.











