
Bugun mehmonlar 2019 yilning 22-28 aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan velosiped sportining shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishishdi.
Konfederatsiya ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida chempionatga tayyorgarlik darajasi, musobaqa bo‘lib o‘tadigan avtomagistral yo‘llari holati, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilinib, takliflar berildi.

Shuningdek, Osiyo Velosport Konfederatsiyasi bilan UzReport TV telekanali o‘rtasida 2019 yil 22 apreldan - 28 aprelga qadar O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangan velosiped sportining shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatini yoritish huquqini beruvchi ikki tomonlama kelishuv imzolandi.


Shuni ta'kidlash joizki, velosport bo‘yicha Osiyo chempionati O‘zbekistonda ilk bor o‘tkaziladi. Mazkur musobaqada qit'aning 40 ga yaqin davlatidan 600ga yaqin velosportchi 2020 yilda Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritish uchun bahs olib borishadi.

Chempionat bahslari Eurosport kanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi kutilmoqda.










