Bugun, 12 noyabr kuni jahon chempionatida ishtirok etgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar O‘zbekistonga qaytib keldi. Ular Toshkentdagi janubiy vokzalda sport jamoatchiligi tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.


Eslatib o‘tamiz, musobaqada -102 kg vazn toifasida qatnashgan Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda jahon rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. -67 kg vazndagi Doston Yoqubov siltab ko‘tarishda kumush medal sohibiga aylandi. -109 kg vazn toifasida bellashuvlarda Ruslan Nuriddinov siltab ko‘tarishda bronza medaliga ega chiqdi. +109 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Rustam Jangabayev siltab ko‘tarish va ikkikurash natijalariga ko‘ra bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

-102 kg vazn toifasi vakili o‘zbekistonlik Akbar Jo‘rayev jahon chempionati kashfiyoti bo‘ldi. 19 yoshli sportchi kattalar o‘rtasidagi musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 2020 yilda 21 yoshga to‘ladi va ayni kuchga kirgan paytida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin.
Ma'lumot uchun, Tokio Olimpiadasiga reyting ochkolarini beruvchi musobaqalar 6 ta bo‘lib, Ashxobodda ularning dastlabkisi bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ham 5 ta medalga (1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza) sazovor bo‘lgan edi.













