Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

8 oktabr kuni Toshkentda ushbu masalalar bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev XMT mas'ul xodimlari – Kari Tapiola, Anton Xauzen, Oksana Lipkanu bilan uchrashdi.

Uchrashuvda munosib mehnat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi dasturini amalga oshirish jarayonlariga, O‘zbekistonning XMT bilan konstruktiv, shu jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasi bo‘yicha hamkorligiga e'tibor qaratildi. O‘zbekiston rahbariyati va hukumati tomonidan munosib mehnat konsepsiyasi doirasida bolalar va ayollar mehnat huquqlarini ta'minlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ta'kidlandi.

Joriy yilning dekabr oyida XMT bosh direktori Gay Rayder ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida munosib bandlikni ta'minlash: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” Xalqaro konferensiya masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Gay Rayder
Foto: Getty Images

Uchrashuv ishtirokchilari aholi bandligi, munosib mehnati va ijtimoiy himoyasi masalalari bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning jadal sur'atda olib borilayotganini qayd etishdi. Xususan, inson kapitalini rivojlantirishga asoslangan innovatsion rivojlanish strategiyasi, 2018 yilgi paxta hosilini terib olish mavsumi davomida majburiy mehnatga jalb qilish holatlarining XMT xalqaro ekspertlari va huquq himoyachilari ishtirokida monitoringi qabul qilinganiga alohida urg‘u berildi.