Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga borib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
barcha darajada ta'lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta'minlash;
ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash
va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta'lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish;
innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;
boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
mulkchilik huquqlari himoyasini ta'minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.
Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari:
fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferini rivojlantirish;
innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;
infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish;
ta'lim tizimini takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirish;
raqobatni rivojlantirish va ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish.











