Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda suvni tejovchi texnologiyalaridan biri bo‘lgan egiluvchan quvurlarni «Jizzax plastmassa zavodi»da ishlab chiqarish uchun janubiy vohamiz - «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi»dan polietilen granulasi olib kelinmoqda. 

Tayyor bo‘lgan mahsulot – egiluvchan quvur Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga qayta olib borilmoqda.

Parlament a'zolarining fikricha, bu ortiqcha transport xarajatlariga, mahsulot tannarxining oshishiga va umumiy ish unumdorligi pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalaning yechimi sifatida egiluvchan quvurlarni Qashqadaryo viloyatidagi «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» tasarrufidagi «Qarshi termoplast» sexida muqobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi oydinlashadi. Natijada Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida mavjud talab-ehtiyojlar qondiriladi.

Shu bilan birga, bu kabi muammolarni hal etish uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga qo‘shimcha imtiyozlar berish yuzasidan qonunchilikka muayyan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi (Xorazm viloyatini hisobga olgan holda) va Farg‘ona vodiysi (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari)da ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi. 

Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini pasaytirishga va sifatini oshirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga hamda sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.