Chindan ham, «Otamdan qolgan dalalar» filmi tomoshabinning yurak urishini maromdan chiqarib yubordi. Chunki xalqimiz ekranda chippa-chin hayot voqealarini ko‘rayotgan edi. Ammo...
Ammo, bugun hech kimga sir bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, bu film namoyishi ancha muddat to‘xtatilgan edi. Boshqacha qilib aytganda, «qora ro‘yxat»ga kiritilgandi. Lekin bu ro‘yxatning oqarganiga ancha bo‘ldiyu, negadir haliyam «Otamdan qolgan dalalar» ekranga qaytmadi. Yoki xorij kinosi, xorij hayoti o‘zimiznikidan qiziqroqmi?!
Shuhrat Abbosovning xotira-maqolasida yana shunday jumlalar bor: «Otamdan qolgan dalalar» filmi davomiyligi to‘rt soatni tashkil etadi. Shunday qilib, kino qo‘yildi. Tomoshabin shunaqayam yaxshi qabul qildiki… qarsaklar, olqishlar zalni tutdi. Biz shu orada Tog‘ay Murodni yo‘qotib qo‘ydik. Axir odatga ko‘ra, premeradan keyin ziyofat berilishi kerak edi-da. Biz, film ijodkorlari birga o‘tirishib, bir-birimizni tabriklamoqchi edik. Shu qidiramiz, Tog‘ay Murod yo‘q, birdan g‘oyib bo‘lib qolibdi.
Qiziq odam edi-da, Tog‘ay Murod! Unga «Otamdan qolgan dalalar» asarining film varianti yoqdimi yo‘qmi, bilolmadim. Tog‘ay bu dunyodan o‘tib ketdi… Lekin bir narsaga xursandman: u meni so‘kmadi, ha, so‘kmadi. Chunki rahmatlik shunday halol, prinsipial odam ediki… Birinchidan, Tog‘ay Murod o‘z asarini sahnaga, ekranga qo‘yishlariga hamisha ham rozi bo‘lavermasdi. Ikkinchidan, uning ijozatisiz asarini sahnaga olib chiqqan bepisand san'atkorlarning tanobini tortib qo‘yardi. Muqimiy teatrida shunday voqea bo‘lgan, deb eshitganman».
Bu fikrlardan anglashiladiki, o‘z ishining ustalari bo‘lgan ikki insonning(albatta, jamoaning ham) ijod mahsuli bo‘lgan «Otamdan qolgan dalalar» filmi bugun ham xalqimiz olqishiga, mehru muhabbatiga sazovor bo‘la oladi. Biz esa shunday nodir filmimiz borligi, uni tomoshabinlar kutayotganini mutasaddilarga bir eslatib o‘tmoqchimiz, xolos. Iltimos, haliyam «Otamdan qolgan dalalar»imizni bizdan qizg‘anmang!
Zuhal RO‘ZIYeVA










