Bosh vazirning ta'kidlashicha, hududlardagi rahbarlarning ta'lim va tibbiyot xodimlarini o‘z sohasiga taalluqli bo‘lmagan ishlarga jalb etishi, ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘yishi holatlari mamlakatda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosatga ziyon yetkazmoqda.

Bosh vazir prezidentning viloyatlarga tashriflari arafasida ta'lim, tibbiyot xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etish barcha hududlarda avj olganini qayd etib o‘tgan.

«Hukumatga alohida topshiriq berildi: har bir shunday holat endi favqulodda hodisa sifatida ko‘rib chiqiladi», — deya bosh vazirning so‘zlarini keltirgan KUN.UZ muxbiri.

Bosh vazir o‘qituvchi va shifokorlarni jamoat ishlariga majburan jalb etgan rahbarlar va amaldorlarning ishi yuzasidan prokuratura va boshqa organ xodimlari ishtirokida alohida nazorat o‘rnatilishini, prezidentning maxsus topshirig‘iga ko‘ra, endilikda majburiy mehnat masalasi favqulodda holat sifatida yuqoridagi tashkilotlar bilan birgalikda alohida ko‘rib chiqilishini ta'kidlab o‘tgan.