Hujjatga ko‘ra, ushbu turnir O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalqaro kurash assotsitsiyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamda Qashqadaryo viloyat hokimligi taklifiga ko‘ra, 21-22 aprel kunlari Shahrisabz shahridagi “Hisor” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Farmoyishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston kurash federatsiyasining viza buyurtmanomalariga muvofiq turnirning xorijiy ishtirokchilariga vizalar konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, zarur hollarda esa Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini ta'minlashi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, mazkur hujjatga ko‘ra, turnirda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi.
Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X.Isroilov zimmasiga yuklatilgan.










