Biroz avvalroq «Ozodlik» nashrida «Chempionlarga prezident bergan «Malibu» sovg‘asi kemtik bo‘lib qoldimi? Nega prezident sovg‘asi uchun futbolistlardan pul so‘ralmoqda?» sarlavhali maqolani e'lon qilindi.
O‘FA rasmiy saytida U-23 Osiyo chempionlariga berilgan mukofotlar bo‘yicha rasmiy Bayonot berildi.
«Shu kunlarda turli ommaviy axborot vositalarida Xitoyda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi a'zolariga muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan mukofotlar – «Malibu» avtomashinalari hali rasmiylashtirilmagani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi mazkur xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma'lum qiladi. Futbolchilarga topshirilgan «Malibu» avtomashinalari Prezidentimizning sovg‘alari bo‘lib, bu avtomashinalar uchun qandaydir to‘lov talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Aksincha, O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi futbolchilarning xayolini bo‘lajak musobaqalardan chalg‘itmaslik, bor e'tiborlarini mashg‘ulotlarga qaratishlari uchun avtomashinalarni futbolchilar nomiga rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha to‘lovlarni o‘z zimmasiga olgan.
O‘z o‘rnida yurtimizdagi jurnalistlar va muxlislarni bu kabi ig‘vo va bo‘htondan iborat gap-so‘zlarga uchmaslikka, ma'lumotlar haqqoniyligini ishonchli manbalardan tekshirishga chaqirib qolamiz», deyilgan xabarda.











