Avval "O‘zbekengilsanoat" AJ tarkibiga atigi 436 tashkilot kirgan bo‘lsa, endilikda "O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga to‘qimachilik sanoatining barcha korxona va tashkilotlari a'zo bo‘lishi mumkin. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qator afzalliklarni taqdim etadi. Jumladan, "O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga a'zo korxonalar import qilayotgan paxta, sun'iy va sintetik tola, jun, xomashyo hamda to‘qimachilik mahsulotlarini chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilinadi (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari).
Bundan tashqari, "O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga o‘z a'zolarining manfaatlarida da'vo kiritish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, sud jarayonida mansabdor shaxslarning harakatlari yuzasidan davlat bojini to‘lamasdan shikoyat arizalarini uzatish huquqi taqdim etilgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida klasterlar yaratilishi to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlanishining eng samarali shakllaridan biriga aylanishi alohida ta'kidlandi. Mazkur model paxta yetishtirish, unga birlamchi ishlov berish, so‘ng paxta tozalash korxonalarida qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan yagona ishlab chiqarish davrini yaratishni nazarda tutadi. Ushbu vazifadan kelib chiqib, Navoiy viloyatida tashkil etilgan tajriba-sinov natijalarini hisobga olgan holda, o‘rta muddatli istiqbolda paxta-to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirish Kontseptsiyasining loyihasi ishlab chiqilmoqda.










