Tadbir viloyat hokimligining tushubbusi bilan, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tashkil etilib, boshqarma tizimidagi Chiqindilarni nazorat qilish inspeksiyasi va “Toza hudud” DUKning qariyb 250 nafar xodimi hamda 80 dan ortiq maxsus chiqindi tashish texnikasi va yuklovchi transportlari jalb etilgan.

Hasharda tuman hokimliklari, “Mahalla” hayriya jamoat fondi bo‘limlari, tuman Sanitariya epidemiologiya bo‘limlari, Yoshlar ittifoqi hamda Mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari faol ishtirok etmoqda.
Tadbirlarda hududlardadagi barcha mahalla va ko‘chalar, ko‘p qavatli uylarning atroflari, maktab, kasalxona va qabristonlar qamrab olingan. Aniqlangan noqonuniy chiqindixonalarni bartaraf etish bilan birga, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qabul qilingan hukumat qarorlari, qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish, targ‘ibot ishlar olib borilmoqda.

“Tadbirdan ko‘zlangan yana bir asosiy maqsadimiz, Mustaqilligimizning 26 yillik bayrami oldidan shahar va qishloqlarimizni, ko‘cha va hovlilarimizni o‘z kuchimiz hamda texnikalarimiz bilan hamyurtlarimizga bayram tuhfasi sifatida beminnat toza holga keltirish”, - deydi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining mas'ul xodimi.
O‘tgan to‘rt kun davomida viloyatning Quva, Beshariq, Toshloq, Furqat, O‘zbekiston, Farg‘ona, Dang‘ara va Qo‘shtepa tumanlarida ana shunday ommaviy hasharlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.









