“Assalomu alaykum. Bunday ishlarni qilish haromdir! Bu ish odamlarni aldashdir! Bu kelajak poydevoriga bolta urishdir! Bu ish millat istiqboliga aniq xiyonatdir! Bu ishga qo‘l urayotgan, yo‘l ochib berayotgan, birovni o‘rniga imtihonga kirib, mo‘may pul evaziga layoqatsiz abituriyentning testi javobini yozib berayotgan barcha-barcha kimsalar kelajak uchun buyuk kadrlarni emas, balki jamiyat taraqqiyot yo‘liga, istiqboliga yuk bo‘luvchi shaxslarni yetishtirayotgan bo‘ladilar. Bu birgina shaxs uchun qilingan xiyonat emas, butun boshli bir millatga xiyonat va aldov, deb baholanadi.

Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz salollohu alayhi va sallam “Bizni aldaganlar bizdan emaslar”, deb bunday aldoqchi-firibgarlar ummati Muhammadiyya qatoridan joy olmasliklarini ta'kidlaganlar. Shu ishlarga chek qo‘yilsa, ilm o‘rganganlar imtihondan o‘tadi, ilmga rag‘bat ortadi, bilimlilar safi kengayadi. Odamlarni fikri to‘g‘irlanib, ilm imtihonda asosiy mezon ekaniga ishonchi ortib, haqiqiy yetuk kadrlar har qachon ustun ekaniga amin bo‘lib, yana ilmga astoydil bel bog‘lab, farzandlarini kitobga qaytaradilar!. Aksincha, hiyla-nayranglarga yo‘l berilsa, kitob ochilmaydi, ilm qadrsizlanib, olimlar soni kamayadi, qoloqlik sari yuz tutiladi”.