BMT Bosh Assambleyasining 1972 yilgi rezolyutsiyasiga ko‘ra, 5 iyun kuni "Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni" nishonlanadi va bu xalqaro ekologik taqvimda alohida ahamiyat kasb etadi. Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunining 2017 yilgi shiori "Men tabiat bilan birgaman". 

Anjumanda O‘zbekiston BMTning atrof-muhitga oid umumjahon deklaratsiya, konvensiya va boshqa kelishuvlarni amalda qo‘llab kelayotgani hamda bugungi kunda tabiatni himoya qilish global siyosatida faol ishtirokchi hisoblanishi ta'kidlandi. 

Shuningdek atrof-muhit himoyasi dasturi, bioxilma-xillikni saqlab qolish, ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni ishlatishdan voz kechish, iqlim o‘zgarishidagi ilk tashabbuslarga oid strategik hujjatlar qabul qilingani va ularning ijrosi amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonning "Ekologiya nazorati to‘g‘risida"gi qonuni atrof-muhitni muhofaza qilish tashkiliy tizimini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Mazkur qonunga ko‘ra, tabiatni asrash tizimi va ekologik muammolarni yechishda fuqarolik jamiyati barcha qatnashchilarining faol ishtiroki uchun qonuniy asos mustahkamlab qo‘yilgan. Shu bilan birga, nodavlat-notijorat tashkilotlarning sohadagi rolini hisobga olib, davlat buyurtmasi va grantlar asosida viloyatlardagi ekologik muhitni yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.