Toshkent viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, Quyichirchiq tuman IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, to‘rt nafar noma'lum shaxs boshlariga niqob taqib, pichoq va qo‘lbola usulda yasalgan “dubinka” (tayoq) bilan qurollanib, xiyobonda o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Shokir O‘rmonov (ismlari o‘zgartirilgan) va 1995 yilda tug‘ilgan Nodira Akilovalarni qo‘rqitib, pul berishini talab qilishadi. Nodira Akilovaning narxi 1.470.000 so‘mlik “Samsung Duos” rusumli qo‘l telefonini va Shokir O‘rmonovning 10.000 so‘m pullarini zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitish yo‘li bilan egallab olib, voqea joyidan yashirinishadi.
Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Quyichirchiq tumanida yashovchi kasb-hunar kollejining o‘quvchilari, 1998-1999 yillarda tug‘ilgan B.Z, L.N, Z.V, X.J lar sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Quyichirchiq tumani “Qurilish va servis” kasb-hunar kollejida mahalla faollari, o‘quv muassasasi o‘qituvchilari va jinoyat sodir etgan o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada tuman hokimining yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘.Shodmonov, tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi K.Ermuhammedova, tuman prokurori P.Bahromov, tuman IIB boshlig‘i O.Ergashevlar qatnashib, dars mashg‘ulotlariga qatnashmaydigan, oilaviy muhiti og‘ir, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan o‘quvchi yoshlar orasida huquqiy tarbiyani kuchaytirish to‘g‘risida mushohada yuritdilar.










