Yo‘l xaritasining biri respublikaning xorijiy davlatlar bilan siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorligi rivojiga yo‘naltiriladi. Tashriflar, uchrashuvlar, muhokamalarni yuksak saviyada tashkillashtirish masalalari ushbu xaritada o‘z aksini topadi. Siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish, tashqi siyosiy tashabbuslarni ilgari surishga doir bir qator vazifalar va chora-tadbirlar ham shu turkumga  kiritiladi. 

Ikkinchi yo‘l xaritasi savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiya, ilmiy-ma'rifiy sohalardagi aniq amaliy chora-tadbirlarni hayotga tadbiq etishga yo‘naltiriladi. Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan yetti yo‘nalish uning asosini tashkil qiladi. Eksportni kengaytirish, mahalliy mahsulotni chetga olib chiqish nomenklatura diversifikatsiyasi, O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida xorijiy hamkorlar ishtiroki hamda ularni lokalizatsiyaga jalb qilish shu yo‘nalish tarkibiga kiradi. 

Hozirda mazkur hujjatlar faol ishlab chiqish jarayonidadir. Kelgusida ular hukumat qarori sifatida rasmiylashtiriladi.