Qonun loyihasi 2017 yilning may oyi boshida qabul qilinishi kutilmoqda. Undan avval bu masala ekspertlar komissiyasi va parlamentning ikki palatasida muhokamaga qo‘yiladi. Yaponiyaning joriy konstitutsiyasida imperatorning hayotlik chog‘ida taxtdan voz kechish imkoni ko‘rib chiqilmagan. 

Bundan avval Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe mamlakat imperatori Akixitoning taxtdan voz kechish masalasi turli ekspertlarni jalb qilgan holda yaxshilab ko‘rib chiqilishi lozimligini aytgandi. 

2016 yilning avgust oyi boshlarida yapon OAV imperator Akixitoning nutqini taqdim etishdi. Unda imperator borgan sari o‘z majburiyatlarini bajarish qiyinchilik tug‘dirayotgani haqida aytgan. 

Imperator Akixito - imperator Xiroxito va Kodzyunlarning to‘ng‘ich o‘g‘li va beshinchi farzandi - 1933 yilning 23 dekabrida tavallud topgan. Akixito rasman eramizdan avvalgi 660-yildan buyon hukmronlik qilib kelayotgan sulolaning 125-imperatori hisoblanadi. Birinchi yapon monarxi Dzimmu bo‘lgan. 

Bugungi kunda Akixito dunyodagi yagona imperator hisoblanadi.