Brenson o‘z Twitter sahifasida qurilma suratini joylashtirib, «VSS Unity bugungi muvaffaqiyatli parvozidan so‘ng uyiga uchmoqda» degan izohni qoldirgan. 

Virgin Galactic saytida qayd etilishicha, sayyohlik fazo kemasining parvozi 1 soat 20 daqiqa davom etgan, shundan 10 daqiqasida VSS Unity tashuvchidan ajralgan holda erkin parvoz qilgan. Shundan so‘ng, qurilma yerga qo‘ngan. Bu vaqtda, havo kemasi bortida ikki nafar uchuvchi: Mark Stakki va Deyv Makkey bo‘lgan. 

VSS Unity shu yilning fevral oyida Kaliforniyaning Moxav kosmodromida namoyish qilingan edi. O‘shanda u Yerga yaqin orbitaga 2 uchuvchi va 6 nafar sayyohni olib chiqa olishi aytilgan edi.