To‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga, kiyimlar – 22,3, charm mahsulotlari ishlab chiqarish – 35,1 foizga oshgan.

Ushbu tovar turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha respublikaning umumiy hajmidagi eng ko‘p ulush asosan Andijon viloyati (12,2 foiz), Toshkent shahri (11,9), Farg‘ona (11,8), Samarqand (10,3) va Toshkent (8,4) viloyatlaridagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kichik tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, aynan shu faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga ham barqaror rivojlanish imkonini berib, ularning ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 19,4 foizga oshgan, bunda to‘qimachilik mahsulotlari, kiyimlar, charm mahsulotlari ishlab chiqarish umumiy hajmida tadbirkorlik sub'yektlarining ulushi 66,1 foizni tashkil etgan.

Hozirgi kunda respublikada 3047 ta to‘qimachilik korxonasi, 4774 ta tikuvchilik korxonasi, 691 ta charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. 2016 yilning 9 oyi davomida ushbu faoliyat turlari bo‘yicha 966 ta korxona yangidan tashkil etilgan.