«UzReport TV telekanali futbol muxlislari uchun yana bir ajoyib xushxabarni e'lon qiladi.

Ispaniya chempionati futbol uchrashuvlari respublikamizning millionlab futbol muxlislarining diqqat markazida turadi. Dunyodagi eng ko‘p muxlislarga ega bo‘lgan «Barselona» va «Real» kabi klublar ham aynan Ispaniya chempionati — La Ligada ishtirok etadi.

Millionlab o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining talab va istaklarini inobatga olib, UzReport TV telekanali Ispaniya chempionati o‘yinlarining O‘zbekiston hududi bo‘ylab translyatsiya huquqini xarid qildi.

UzReport TV telekanali La Liga o‘yinlarini O‘zbekiston hududida lisenzion tarzda namoyish qiluvchi yagona telekanal bo‘lib, futbol muxlislarimiz O‘zbekiston televideniyesi tarixida ilk marta Ispaniya chempionati o‘yinlarining lisenzion translyatsiyasini UzReport TV telekanali orqali ikki audioyo‘lakchada - parallel o‘zbek va rus tillaridagi sharhda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tez kunlarda har shanba, yakshanba kunlari UzReport TV telekanali La liganing qolgan 25ta turidan o‘rin olgan qiziqarli bahslarni siz muxlislar e'tiboriga “jonli” tarzda namoyish qilishni boshlaydi. Ayni paytda Ispaniya chempionati o‘yinlari translyatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha texnik sozlash ishlari olib borilmoqda.

UzReport TV telekanalida syurprizlar mavsumi davom etadi!», deyilgan xabarda.