Geofizika va vulqonshunoslik milliy institutining (Ingv)aniqlashtirilgan ma'lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 07:41da 6,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Zilzila markazi - Peruja va Macherata o‘rtasida joylashgan. Undan so‘ng 20 daqiqa ichida 4,6 va 4,1 magnitudali yer osti silkinishlari qayd qilingan. Tabiiyki, yer yuzasining tebranishi butun mamlakat bo‘ylab, shu jumladan Rim va Markaziy Italiyaning boshqa yirik shaharlarida ham sezilgan. 

Vayronagarchiliklar haqidagi xabarlar Italiyaning, eng avvalo, 26 oktabr kuni 5,9 magnitudali zilzila kuzatilgan Marke va Umbriya viloyatlaridan kelib tushmoqda. Jumladan, Ussita qishlog‘ida chorshanba kungi jiddiy silkinishlar natijasida deyarli birorta butun bino qolmagan. 

Norcha shahrida zilzila natijasida ikki qadimiy cherkov – Avliyo Benedikt hamda Muqaddas Mariya ibodatxonasi vayron bo‘lgan. 

Akuasant Terme shahri hukumati ham jiddiy vayronagarchiliklar haqida xabar bergan. 

Yer osti silkinishlari juda kuchli sezilgan Rim shahrida hozircha vayronagarchiliklar haqida ma'lumotlar yo‘q, biroq poytaxt metrosi tekshiruv zarurati yuzasidan to‘xtatib qo‘yilgan.