Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihov avgust oyi boshida obodonlashtirilmagan deb topilgan uylar va mahallalarga «Uyatli xonadon» va «Sharmandali mahalla» plakatini ilish ko‘rsatmasini berishi orqali tilga tushgandi. Uning «Dolzarb 40 kunlik» doirasidagi topshirig‘i aks etgan video 27-iyul kuni hokimlik kanaliga joylangan, bir necha kun o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylangach, o‘chirib yuborilgandi.

Ushbu hokim holat yuzasidan Daryo’ga izoh berdi. U mahallalarni «Sharmandali mahalla» va uylarni «Uyatli xonadon» toifasiga bo‘lish bo‘yicha hech kimdan topshiriq olmaganini aytgan.

«Bu – o‘zimning tashabbusim. Yig‘ilish oxirida agar aytilgan vazifalarni bajarmasalaring, shunaqa qilinadi, deb aytganman. Lekin bu hech qayerda joriy qilinmadi. „Sharmandali mahalla“ degan banner yopishtirilib, yana o‘sha zahoti ko‘chirib olib ketilgan. Faqat ijtimoiy tarmoqqa chiqarish uchun videoga olingan. Lekin birorta xonadonga, birorta mahallaga osmaganman. Shunaqa bo‘ladi degan maqsadda ilib, ko‘rsatib, yana qaytarib olib qo‘yganmiz», – degan hokim.

U ushbu tashabbusdan maqsad «Dolzarb 40 kunlik»da shu yo‘l bilan «xalqni uyg‘otib, obodonlashtirishga chorlash» bo‘lganini ta’kidlagan.

«Men tuman hokimi sifatida o‘z tumanimni, o‘z xonadonimni bunday tarzda olib chiqishim o‘zimga ham sal noto‘g‘ri bo‘ladi. Mening maqsadim «mahalla yettiligi»ni sharmanda qilish emas. Ularni qo‘llab-quvvatlash, ko‘tarish, boshini birlashtirish. Hamma har xil talqin qilyapti buni. Lekin o‘sha talqin qilayotganlar bir kun kelib hokim bo‘lib, xalq bilan ishlasa, vaziyatni tushunadi. Biz kimningdir uyiga tazyiq bilan kirib emas, tushuntirib targ‘ibot qildik. Buni tashviqotning bitta ko‘rinishi deb qabul qilishsa, menimcha, to‘g‘ri talqin bo‘ladi. Balki sal qo‘polroq bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkin, buni tan olaman», – deydi Salihov.

Tuman hokimi hamma ham xato qilishini ta’kidlab, aybi bo‘lsa, uzr so‘rashini aytdi.

«Balki qaysidir joyda sal qo‘pollashib ketgandirman. Beayb parvardigor. Aybimiz bo‘lsa, uzrimizni so‘raymiz. To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsak, to‘g‘rimiz, deb ishimizni davom ettiramiz», – degan hokim.

Katta ehtimol bilan, Salihov o‘z izohida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov bilan bog‘liq voqeaga ishora qilgan. Hasanov ham «Dolzarb 40 kunlik» doirasida tarqalgan videosi bilan tanilgandi, u o‘shanda mahallalarga reyd uyushtirib, uylardan biriga kirib borgan va uy egasiga o‘z uyiga yaxshi qaramagani uchun qattiq tanbeh bergan, jarima qo‘llash bilan tahdid qilgandi.