Xitoy bilan aloqador hakerlar bir nechta sun’iy intellekt (SI) agenti yordamida Tayvan hukumat saytlariga kiberhujum uyushtirdi. Bu haqda Financial Times nashri kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi Isroilning Dream kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozmoqda.

Hujumni birinchi bo‘lib aniqlagan tadqiqotchilarning jurnalistlarga aytishicha, tajovuzkorlar ochiq kodli sakkiztagacha sun’iy intellekt agentidan foydalangan. Ular buzib kirish uchun vosita yaratgan muvofiqlashtirilgan kiberjamoa sifatida harakat qilgan.

Iyul oyi boshida SI agentlari zaifliklarni qidirish maqsadida 21 ta hukumat tizimining xaritasini tuzgan. Ular ushbu tizimlar foydalanuvchilarining kamida 85 ta akkauntini buzib kirib, xodimlarga oid 2,5 mingdan ortiq yozuvni o‘g‘irlagan. Shundan so‘ng hujumni Tayvan yadro xavfsizligi agentligi va kamida yettita energetika kompaniyasiga ham yoygan.

Dream kompaniyasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlardan biriga buzg‘unchilik haqida xabar berganini, biroq aynan qaysi davlat ekaniga aniqlik kiritmaganini ma’lum qildi. FT manbalari hujum aynan Tayvanga qaratilganini tasdiqlamoqda. Hakerlarning Xitoy bilan aloqadorligini hujumga oid ichki yozishmalarda soddalashtirilgan xitoy tilidan foydalanilgani ko‘rsatib turibdi.

Xitoy hukumati vakillari gazetaning izoh berish haqidagi so‘rovini javobsiz qoldirdi. Tayvan Raqamli texnologiyalar vazirligi esa ma’lumotlar maxfiyligini sabab qilib, ushbu buzg‘unchilik yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.