– Avvalo, AI Soliq platformasi nima maqsadda yaratilgan? U qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?

- AI Soliq Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan, sun’iy intellekt asosida ishlovchi portal. Soliq qo‘mitasida juda katta hajmdagi ma’lumotlar mavjud. Avvallari soliq to‘lovchi hisobotlar, imtiyozlar, reyting yoki boshqa ma’lumotlarni olish uchun turli axborot tizimlaridan foydalanishga majbur edi. AI Soliq esa ushbu xizmatlarni yagona platformaga jamlaydi va sun’iy intellekt asosida tavsiya hamda tahlillarni taqdim etadi.

2026-08-12 15.59.00

Hozir platformada to‘qqizta xizmat mavjud, yana ikkitasi ishlab chiqilmoqda. Masalan, AI Korxona korxonani kompleks tahlil qiladi va tavsiyalar beradi. AI EHF xavf toifasiga tushgan elektron hisob-fakturalar bo‘yicha tavsiyalar beradi. AI Reyting barqarorlik reytingi natijalarini tahlil qilib, uni yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi. AI Avtokameral avtokameral nazoratda aniqlangan tafovutlar bo‘yicha tavsiyalar taqdim etadi. Bundan tashqari, AI Imtiyoz va AI Hisobot xizmatlari ham mavjud.

- Tadbirkorlar barqarorlik reytingida nega ball yo‘qotganini har doim ham tushuna olmaydi. AI Reyting orqali bunga batafsil javob olish mumkin bo‘ladimi?

- AI Reyting korxonaning reyting natijalarini, olgan ballarini va ularni yaxshilash yo‘llarini batafsil ko‘rsatadi. Foydalanuvchi har bir mezon bo‘yicha olgan ballari va yo‘qotishlarini ko‘ra oladi. Istalgan mezonni tanlasa, chatbot aynan o‘sha mezon bo‘yicha tahlil qilib, nima sababdan ball yo‘qotilganini tushuntiradi.

Screen Shot 2026-08-12 at 15.54.41

Bundan tashqari, foydalanuvchi ovozli yoki yozma shaklda savol berishi mumkin. Masalan, -aksimal ball olish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi bo‘yicha ham tavsiyalar oladi.

- Platforma faqat Soliq qo‘mitasi bazasi bilan ishlaydimi yoki boshqa idoralar ma’lumotlari ham integratsiya qilinganmi?

- Platforma asosan Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasidan foydalanadi. Ammo Soliq qo‘mitasining o‘zi 70 dan ortiq vazirlik va idora bilan integratsiya qilingan. Shu sababli ular bilan almashinilayotgan ma’lumotlardan ham foydalaniladi.

- Hozircha platforma asosan biznes uchun mo‘ljallangandek. Undan qanday foydalanish mumkin? Mobil ilova ham bo‘ladimi?

- Platformaga kirish juda oddiy. Foydalanuvchilar ai.soliq.uz sayti orqali elektron raqamli imzo bilan tizimga kirishlari mumkin. Yuridik shaxslar, jismoniy shaxslar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar undan foydalanish imkoniyatiga ega.

Hozircha alohida mobil ilova yo‘q. Kelgusida Soliq mobil ilovasiga integratsiya qilinadi. Hozircha kompyuter yoki mobil telefon brauzeri orqali foydalanish mumkin.

- Platformani yaratishga qancha mablag‘ sarflandi?

- Ushbu platformani ishlab chiqish uchun qo‘shimcha mablag‘ sarflanmagan. Uni Soliq qo‘mitasining o‘z mutaxassislari ishlab chiqqan. Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi, Soliq ma’lumotlarini qayta ishlash markazi hamda sun’iy intellekt laboratoriyasi mutaxassislari loyiha ustida ishlagan.

– Ma’lumotlar qanchalik himoyalangan? Masalan, ular ChatGPT yoki boshqa xorijiy sun’iy intellekt modellariga yuborilmaydimi?

- Platformada sun’iy intellektning turli texnologiyalari qo‘llaniladi. Ammo asosiy til modeli Soliq qo‘mitasining o‘z serverlarida joylashgan.

Ma’lumotlar ChatGPT yoki Claude kabi tashqi modellarga bormaydi. To‘g‘ri, ulardan open-source olganmiz va o‘zimizda fine-tuning qilib, o‘zimizning serverlarga joylaganmiz. Modelni o‘zbek tili va soliqqa oid ma’lumotlar bilan o‘qitdik. Axborot xavfsizligi to‘liq ta’minlanadi, hamma ma’lumotlar o‘zimizning yopiq perimetrda saqlanadi.

2026-08-12 15.59.06

- Oddiy tadbirkor ertadan boshlab Soliq AIdan foydalansa, uning ishida nima o‘zgaradi? Bir jumlada aytsangiz.

- Eng katta farq shundaki, kerakli ma’lumotlarni turli tizimlardan qidirishga vaqt ketmaydi. Barcha xizmatlar bitta platformada jamlangan. Chatbot orqali savollariga javob oladi, normativ-huquqiy hujjatlarni alohida izlashga ehtiyoj kamayadi.

Masalan, barqarorlik reytingi yoki avtokameral tizim bo‘yicha call-markazga qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga, javobni chatbotdan olishi mumkin.

- Sun’iy intellekt tavsiyalariga qanchalik ishonish mumkin? Agar SI tavsiyasiga amal qilib xatoga yo‘l qo‘yilsa, javobgarlik kimda bo‘ladi?

- Platforma Soliq qo‘mitasining o‘z ma’lumotlar bazasiga tayangan holda ishlaydi va tavsiyalar 95–99 foiz aniqlikda shakllantiriladi. Shunga qaramay, SI tavsiyalari maslahat xarakteriga ega. Asosiy huquqiy mezon har doim Soliq kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bo‘lib qoladi.

- Demak, bu buxgalter yoki soliq maslahatchisi o‘rnini egallamaydi?

- Shunday. Soliq hisobotlari uchun javobgarlik baribir buxgalter yoki boshqa mas’ul shaxs zimmasida qoladi. Sun’iy intellekt esa ularga yordam beruvchi vosita, xolos.

- AI Imtiyoz xizmati ilgari foydalanilmagan soliq imtiyozlarini ham tavsiya qiladimi?

- Ha. AI Imtiyoz korxona foydalanayotgan imtiyozlarni ham, faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlarni ham ko‘rsatadi.

Shuningdek, qaysi shartlar bajarilsa, ushbu imtiyozdan foydalanish mumkinligi, qanday hujjatlar topshirilishi kerakligi haqida ham ma’lumot beradi. Foydalanuvchi chatbot orqali qo‘shimcha savollarini ham berishi mumkin.

- Biznesni eng ko‘p qiynaydigan masalalardan biri – soliq tekshiruvlari. Bu borada platforma qanday yordam beradi?

- Hozircha AI Avtokameral xizmati tekshiruvdan oldingi tahlillar bo‘yicha ishlaydi. Unda qaysi mezonlar bo‘yicha tafovut aniqlangani, bu tafovutlarning sababi va ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatiladi.

Soliq to‘lovchi shu tavsiyalar asosida kamchiliklarini oldindan tuzatishi mumkin.

- Kelgusida boshqa turdagi soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq funksiyalar ham qo‘shiladimi?

- Sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi tartibi o‘zgarmaydi. Ammo ichki tahlillarda sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish modellaridan foydalanamiz.

Aniqlangan xavflar keyinchalik AI Korxona xizmatidagi “Kamchilik va tavsiyalar” bo‘limida aks ettiriladi. Bu tekshiruv boshlanadi degani emas, balki tavsiyaviy xarakterga ega ogohlantirish bo‘ladi.

- AI Keshbek xizmati qanday ishlaydi?

- Bu xizmat jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan. Foydalanuvchi elektron raqamli imzo orqali tizimga kiradi. Agar ro‘yxatdan o‘tkazilgan chek bo‘yicha keshbek hisoblanmagan bo‘lsa, AI buning sababini tushuntirib beradi. Qaysi normativ hujjat asosida rad etilgani, qaysi band qo‘llangani haqida ham yozma yoki ovozli tarzda ma’lumot olish mumkin.

Bu yerda faqat muammoli cheklar ko‘rsatiladi. Tasdiqlangan cheklar aks ettirilmaydi.

- Yana qanday yangi funksiyalar rejalashtirilgan?

- Yaqin oylarda AI Yordamchi xizmatini ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. U ham jismoniy shaxslar, ham tadbirkorlar uchun umumiy chatbot sifatida ishlaydi.

Foydalanuvchi oddiy tilda savol beradi, tizim esa normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda javob qaytaradi. Masalan, mol-mulk, QQS, yer, suv va boshqa barcha soliq turlari bo‘yicha hisob-kitoblar yoki tushuntirishlarni bera oladi.

- Ushbu xizmat qachon ishga tushiriladi?

- Rejaga ko‘ra, avgust oyi oxirigacha platformaga qo‘shiladi. Sentyabr boshidan foydalanuvchilar undan foydalanishlari mumkin.