Qurilish sohasidagi muammolar so‘nggi yillarda vatandoshlar eng ko‘p shikoyat qilayotgan mavzulardan biriga aylandi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida so‘nggi xatlovda 70 dan ortiq ob’yektda 173 ta ko‘p qavatli uy bilan bog‘liq qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Qurilishda qonunbuzilishlar qanday qilib bir necha yil davomida aniqlanmay qolmoqda? Qonunbuzilish aniqlanganda faqat quruvchi javobgar bo‘ladimi yoki nazoratni o‘z vaqtida amalga oshirmagan mansabdorlar ham mas’uliyatga tortiladimi? Bu savollar so‘nggi kunlarda Toshkent markazidagi Newport majmuasi atrofidagi mojaro fonida yana kun tartibiga chiqdi.

Kun.uz qurilish sohasidagi nazorat tizimi, noqonuniy qurilgan ob’yektlar va ulardan xonadon sotib olgan vatandoshlar huquqlari haqida inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov, Qurilish vazirligi mas’uli Javohir Ergashboyev, Toshkent shahar hokimligi mas’uli Jasur Karimov hamda Kadastr agentligi vakili Sarvar Qodirov bilan suhbat tashkil etdi.

Qurilishni kim nazorat qiladi?

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’uli Javohir Ergashboyevning aytishicha, qurilish jarayonida nazorat bir nechta bosqichda amalga oshiriladi.

“Qurilishlar nazoratib o‘yicha yagona sxema mavjud. Qurilish sohasida yagona siyosat yurituvchi organ – O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bu borada birinchi navbatda hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish tartibini belgilaydi. Qurilishi boshlangan yoki qurilish rejalashtirilgan ishlar tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tganidan keyin qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasining doimiy nazoratida bo‘ladi”, – deydi vazirlik vakili.

Uning aytishicha, qurilish ob’yekti to foydalanishga qabul qilingunga qadar nazorat ostida bo‘ladi. Qurilishning qaysi bosqichida qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilganiga qarab mas’ul organ ham farq qiladi. Masalan, yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan bo‘lsa, bu masalada Kadastr agentligi chora ko‘radi. Yerga huquq mavjud bo‘lsa-yu, zarur loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilish boshlangan bo‘lsa, bu holat qurilish sohasidagi nazorat organlari vakolatiga kiradi.

Qayd etish lozim, Kun.uz mazkur suhbatga sohada asosiy ijrochi bo‘lgan Qurilish inspeksiyasi vakilini ham taklif qilgan edi, ammo inspeksiya so‘nggi daqiqalarda bunday mutaxassis yo‘qligini va u yaqinda tashkil etilgan departament tarkibiga o‘tib ketganini bildirdi.

Newport misolida nazorat nega ishlamagan?

Eng so‘nggi shov-shuvli misollardan biri – Yakkasaroy tumanidagi Newport majmuasi. Bu majmuaning 9 ta blokidan 6 tasida qurilish ishlari tegishli hujjatlarsiz olib borilgan.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov bu holatni nazorat tizimidagi jiddiy muammo sifatida baholaydi:

“Rasmlarda ko‘rib turibmiz, go‘yoki Bombeyga o‘xshab yotibdi. Newport'ning ichida vazirlarning, hokimlarning kvartiralari bo‘lsa, men ishonaman bunga. Chunki yetti yil davomida buni ko‘rmaslik mumkin emas. Bitta kambag‘al odam uyining oldiga bitta budka o‘rnatib olsa, bundan kerak bo‘lsa vazir ham xabar topadi va o‘sha kuni olib tashlanadi... Prezident administratsiyasi rahbari juda to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdi – buning orqasida “blatnoy”lar bor.

Shahardagi qurilishlarda bunaqangi holatlar, menimcha, oz emas. Biz yangi-yangi binolarni oddiy odam sifatida ko‘rib ko‘zimiz quvnaydi, lekin buning orqasidagi jinoyatlar, buning orqasida turgan kriminal, buning orqasida turgan korrupsiya nihoyatda katta. Biz inson huquqlari tashkilotlariga juda ko‘p murojaatlar bo‘ladi: “Uyga pul to‘lagan edim, uyimni bermadi”, degan. Agar uni kavlasangiz, orqasidan amaldorlar ham chiqib kelishi mumkin”.

Toshkentda qancha noqonuniy qurilish bor?

Toshkent shahar hokimligi mas’uli Jasur Karimovning ma’lum qilishicha, so‘nggi inventarizatsiya natijasida poytaxtda 70 dan ortiq ob’yektda 173 ta ko‘p qavatli uy bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.

“Toshkent shahrida oxirgi marta o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot berilgan. Unda 70 dan ortiq ob’yektlarda 173 tadan ko‘p qavatli uylar noqonuniy qurilgani aniqlangan. Lekin bularning hammasi 100 foiz noqonuniy qurilgan degani emas. Misol uchun, 9 qavatga ruxsat olgan, hamma loyiha hujjatlari bor, lekin amalda 10 qavat qilib qo‘yganlari bor. Yoki ikkita 9 qavatga ruxsat olgan va shu hududda yana besh qavatlik qo‘shimcha qurilish qilganlar bor. Har xil holatlar bor.

Mana shunaqa holatlar bo‘yicha hokimiyat tegishli idoralar bilan birgalikda inventarizatsiya qilib, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilgan. Kiritilgan taklifda ob’yekt egalariga nisbatan ko‘riladigan choralar bilan birga, bu ob’yektlarni shu holga kelgunga qadar nazorat qilishi kerak bo‘lgan ruxsat berish tashkiloti yoki nazorat organlariga ko‘riladigan choralar ham bor va yechim yuzasidan takliflar bilan kiritilgan. Mana, hozirgi siz aytgan Newport ham o‘shaning ichida o‘tiribdi. Bu yerda qurilgan 9 ta blokdan faqat 3 tasiga ruxsat bor, 6 ta blok noqonuniy qurilgan. Bu xatlov jarayonida aniqlanib, ro‘yxatga qo‘shib berilgan”, – deydi hokimlik vakili.

Noqonuniy binolar buziladimi?

Vazirlik vakiliga ko‘ra, agar ob’yekt bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, uni qonuniylashtirish imkoniyati bo‘lsa, bino instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi.

“Bu binolarning taqdiri nima bo‘ladi, degan masalaga kelsak, hukumat tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilmaydi. Ya’ni u bino sotilgan bo‘lishi mumkin, qaysidir fuqaroning mablag‘lari evaziga olingan bo‘lishi mumkin. Endi, agarda amnistiya akti bilan o‘sha bino ro‘yxatga tushadigan bo‘lsa, u tegishli tartibda sinovdan o‘tkaziladi, ya’ni instrumental texnik tekshiruv deyiladi, barcha talablarga mos kelish yoki kelmasligi, u binoni mustahkamlash imkoniyati bor-yo‘qligi o‘rganiladi. Agar tegishli talablarga mos kelsa, talablar bajarilganidan keyin foydalanishga qabul qilish haqida davlat dalolatnomasi shakllantiriladi.

Agar bino hech qanaqa talabga javob bermasa, yoki boshqa sabablarga ko‘ra qurilish to‘xtatilgan ob’yekt bo‘lsa, tegishli choralar faqatgina sud orqali amalga oshiriladi”, – dedi Javohir Ergashboyev.

Suhbat davomida noqonuniy qurilishlarga yo‘l qo‘yganlar, bu holatlarga ko‘z yumgan mansabdorlarning ham javobgarligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Rasmiy izohlar va jamoatchilik faolining tanqidlari bilan to‘liq holda video orqali tanishishingiz mumkin.