Shimoliy Amerika havo-kosmik mudofaa qo‘mondonligi (NORAD) ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 9-avgust kuni Nyu-Jyersi shtatidagi Bedminster hududi ustida sodir bo‘lgan.
Bu yerda AQSh prezidenti Donald Trampga tegishli xususiy golf-klub joylashgan. Prezidentning ushbu hududda bo‘lishi munosabati bilan havo hududida parvozlarga vaqtinchalik cheklov - TFR rejimi amal qilgan.
NORADʼning F-16 qiruvchilari belgilangan havo hududiga ruxsatsiz kirgan umumiy aviatsiyaga tegishli ikkita havo kemasini aniqlab, ularni tutib qolgan.
Shundan so‘ng fuqarolik samolyotlari qiruvchilar hamrohligida cheklangan hududdan xavfsiz olib chiqilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki boshqa salbiy holatlar haqida ma’lumot berilmagan.
Tramp o‘sha paytda golf-klubda bo‘lgan
Axborot agentliklari ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp o‘tgan dam olish kunlarini Bedminsterdagi golf-klubida o‘tkazgan.
Fox News telekanali va The New York Post nashri samolyotlar prezidentga tegishli golf maydonlaridan biri yaqinidagi osmonda to‘xtatilganini xabar qilgan.
AQSh harbiylari operatsiyada nechta F-16 qiruvchisi ishtirok etganini ochiqlamagan. Shuningdek, vaqtinchalik parvoz cheklovini buzgan fuqarolik havo kemalarining rusumi va ularda qancha kishi bo‘lgani haqida ham ma’lumot berilmagan.
Dpa agentligi qayd etishicha, bunday qoidabuzarliklar ko‘pincha kichik xususiy samolyotlar bilan bog‘liq bo‘ladi.
NORAD hodisadan so‘ng umumiy aviatsiya uchuvchilariga har bir parvozdan oldin NOTAM - uchuvchilar uchun rasmiy aviatsiya xabarnomalarini tekshirish va vaqtinchalik parvoz cheklovlariga qat’iy rioya qilish zarurligini eslatgan.
AQShda prezident bo‘lib turgan hududlar atrofida xavfsizlik maqsadida havo hududidan foydalanishga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilinishi mumkin. Bunday hududga ruxsatsiz kirgan havo kemalarini harbiy aviatsiya kuzatib, cheklangan hududdan chiqarib yuboradi.











