Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning iyul oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,1 foizga pasaydi. Natijada yillik iste’mol narxlari indeksi 106,4 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 foiz bandga past bo‘ldi.

Hisobot davrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,91 foizga arzonlagan. Shu bilan birga, nooziq-ovqat tovarlari narxlari 0,3 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar esa 0,5 foizga oshgan.
Inflyatsiyaga ta’sir qilgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi (12,6 foiz), uzun boshoqli guruch (6,4 foiz), yumaloq boshoqli guruch (6,1 foiz), mosh (4,2 foiz) va piyoz (1,7 foiz) narxining qimmatlashi qayd etildi.
Ayni paytda baqlajon (-42,8 foiz), bulg‘or qalampiri (-39,4 foiz), pomidor (-24 foiz), tarvuz (-20,3 foiz), kartoshka (-18 foiz), qovun (-14,5 foiz), shaftoli (-10,6 foiz), bodring (-10,6 foiz), sarimsoq (-10 foiz), nok (-7,1 foiz), uzum (-6,6 foiz), olma (-6,6 foiz), banan (-6,6 foiz) va tuxum (-5 foiz) narxlarining pasayishi umumiy inflyatsiyaning sekinlashishiga hissa qo‘shdi.
Nooziq-ovqat tovarlari orasida AI-98 va AI-100 markali benzin narxi 10 foizga, AI-95 benzini 8,5 foizga, AI-92 benzini esa 3,9 foizga qimmatlashgan.
Xizmatlar sohasida maishiy chiqindi uchun to‘lov 2,7 foizga, mobil aloqa xizmatlari 2,4 foizga va shahar avtobusida yo‘l haqi 1,4 foizga oshgani asosiy omillardan bo‘lgan.
Milliy statistika qo‘mitasi hisob-kitoblari uchun respublika bo‘ylab 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasida 2 milliondan ziyod narx kuzatuvlari o‘tkazilgan. Monitoring davomida 419 turdagi tovar va 98 turdagi xizmat narxlari tahlil qilingan.











