Gurjiston davlat elektr tizimi ma’lumotiga ko‘ra, 24 iyul kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 00:10 da mamlakat miqyosida elektr energiyasi ta’minoti avariyaviy tarzda uzilgan. Hodisa sabablari yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Rus tilidagi ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt Tbilisi bilan bir qatorda Batumi, Kutaisi, Telavi, Borjomi, Bakuriani va Zugdidi shaharlari ham elektr ta’minotisiz qolgan.
«Kavkazskiy uzel» nashrining yozishicha, elektr ta’minotidagi nosozlik oqibatida nasos stansiyalari faoliyati ham to‘xtagan. Shu munosabat bilan Tbilisi, Rustavi va Msxeta shaharlari aholisi suv ta’minotida ham vaqtinchalik muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Georgian Water and Power kompaniyasi mamlakat bo‘ylab elektr uzilganini tasdiqlab, ayrim hududlarda suv ta’minotida ham uzilishlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim xabarlarda ommaviy blekautga Gurjiston va Turkiya energetika tizimlarini bog‘lovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘idagi avariya sabab bo‘lgani aytilgan. Biroq Gurjistonning Pirveli telekanali davlat elektr tizimi bu ma’lumotni rad etganini xabar qildi. Kompaniyaga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur bayonot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va hozircha rasmiy sabab e’lon qilinmagan.
Maqola e’lon qilingan vaqtga kelib Tbilisining aksariyat tumanlarida elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Shu bilan birga, «Interfaks» agentligi tan olinmagan Abxaziya hokimiyatiga tayanib, respublika hududi to‘liq elektrsiz qolganini xabar qildi. Rasmiylarga ko‘ra, bunga Inguri gidroelektr stansiyasida yuz bergan tizimli avariya sabab bo‘lgan.
Abxaziya Energetika vazirligining Telegram-kanali mahalliy vaqt bilan soat taxminan 03:00 da respublika bo‘ylab elektr ta’minoti to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Inguri GES Kavkazdagi eng yirik gidroelektr stansiyasi hisoblanadi. Gurjiston–Abxaziya mojarosidan so‘ng uning to‘g‘oni Gurjiston nazoratidagi hududda, boshqaruv pulti esa Abxaziya tomoni nazorat qiladigan Gal tumanida qolgan. GES aksiyalarining 100 foizi Gurjiston davlat mulki hisoblanadi. Amaldagi kelishuvga muvofiq, stansiya ishlab chiqaradigan elektr energiyasining 60 foizi Gurjistonga, 40 foizi esa Abxaziyaga taqsimlanadi.











