“Ona uyi” loyihasi O‘zbekistonda 2024-yildan buyon Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumi doirasida “Dom Mamy” Xalqaro jamg‘armasi filiali tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi - ijtimoiy yetimlikning oldini olish, bolani o‘z oilasida saqlab qolish hamda bolali ayollar inqirozni yengib o‘tib, mustaqil hayot boshlashi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat. Bugungi kunda O‘zbekistonda 9 ta "Ona uyi" resurs markazi faoliyat yuritmoqda. Markazlar bir vaqtning o‘zida o‘nlab ayollar va ularning farzandlarini xavfsiz boshpana bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Zaruratga qarab qabul quvvati moslashtiriladi. Aholisi ko‘p hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar soni yuqori bo‘lgan hududlarda bunday markazlarga ehtiyoj katta. Bugungi kunda markazlar Toshkentda 2 ta, Samarqand, Buxoro, Andijon, Chirchiq, Quvasoy, Nukus va Termizda faoliyat yuritmoqda.

JQJ_2306

Loyiha tashkilotchilarining aytishicha, "Ona uyi"ga, avvalo, homilador ayollar hamda olti yoshgacha farzandi bo‘lgan, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan onalar (16–40 yosh) qabul qilinadi. Asosiy mezon - bolaning onasidan ajralib qolish xavfi mavjud bo‘lishidir.

Joylar cheklangan hollarda quyidagi toifadagi ayollarga ustuvorlik beriladi:

  • oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari;

  • boshpanasiz qolgan ayollar;

  • yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bilan og‘ir vaziyatga tushgan onalar;

  • ijtimoiy yetimlik xavfi mavjud oilalar.

Har bir murojaat mutaxassislar tomonidan individual tartibda baholanadi.

Ayollar markazda odatda 6 oygacha yashaydi. Zarurat tug‘ilganda ushbu muddat uzaytirilishi mumkin.

JQJ_2296

Har bir ayol uchun individual reabilitatsiya rejasi ishlab chiqiladi. Unda:

  • hujjatlarni tiklash;

  • psixologik yordam;

  • huquqiy maslahat;

  • kasb-hunar o‘rgatish;

  • ishga joylashtirish;

  • bolalarni bog‘chaga joylashtirishga ko‘mak va mustaqil yashashga tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.

Ayollar orasida hujjatsiz bo‘lganlar uchraydi, bunday hollarda "Ona uyi" mutaxassislari davlat idoralari bilan hamkorlikda pasport, ID-karta, PINFL, tug‘ilganlik guvohnomasi hamda boshqa zarur hujjatlarni tiklash bo‘yicha huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatadi.

JQJ_2354

"Ona uyi" xizmatlaridan foydalanayotgan ayollar orasida voyaga yetmagan onalar ham bor. Unga 16 yoshdan boshlab homilador yoki olti yoshgacha farzandi bo‘lgan voyaga yetmagan onalar ham qabul qilinishi mumkin. Bunday holatlarda ular bilan ishlash vasiylik organlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ularga xavfsiz yashash joyi, psixologik yordam, huquqiy himoya, ta’limni davom ettirish hamda ota-onalik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks yordam ko‘rsatiladi.

Ko‘pincha bolalar davlat muassasasiga (mehribonlik uylariga) topshirilish xavfi ostida bo‘lgan, oilaviy zo‘ravonlik, boshpanasiz qolish, og‘ir moddiy ahvol, homilador yoki yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan yolg‘iz qolgan ayollar va yaqinlari tomonidan rad etilgan onalar ushbu markazga qabul qilinadi.

JQJ_2355

"Ona uyi" tomonidan boshpana, oziq-ovqat, psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi natijasida bolalar o‘z oilasida qolmoqda.

Markazlarga murojaat qilayotgan ayollarning asosiy muammolari – oilaviy zo‘ravonlik, boshpanasiz qolish, ishsizlik va iqtisodiy qiyinchilik, hujjatlarning yo‘qligi, qarindoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaslik va yolg‘iz onalik. Ko‘pincha ushbu muammolar bir vaqtning o‘zida uchraydi.

"Ona uyi" markazini tark etgan har bir ayol bilan ijtimoiy kuzatuv ishlari davom ettiriladi. Koordinatorlar muntazam ravishda ular bilan aloqada bo‘lib, yashash sharoiti, ish bilan bandligi, farzandlarining holati hamda oilaviy vaziyatini kuzatib boradi.

2024-yildan buyon loyiha doirasida yordam olgan 200 dan ortiq ayol va ularning oilasida qolgan 265 nafar bolaning taqdiri monitoring qilinmoqda. Bugungi kunda ko‘plab ayollar mustaqil hayotga qaytgan, ishga joylashgan yoki qarindoshlari bilan yarashgan. Eng muhim natija shundaki, ularning farzandlari biologik oilasida qolmoqda va ijtimoiy yetimlikning oldi olinmoqda.

JQJ_2358

Loyihada 43 nafar ayol ish bilan ta’minlangan, ayollar tikuvchilik, savdo, umumiy ovqatlanish, oshpaz yordamchisi, go‘zallik salonlari, ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish sohasi va ofis ishlariga joylashtirilgan. Bundan tashqari, ayollar kasb-hunar kurslarida tahsil olib, o‘z biznesini boshlash imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.

Markaz faoliyati xususiy xayriyachilar va hamkorlar ko‘magida amalga oshiriladi. Shuningdek, fond xalqaro donorlar, tadbirkorlar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa manbalar bilan hamkorlikni rivojlantirib bormoqda. Fond hamkorlik uchun doimo ochiq.

27-iyul kuni esa Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Dom Mamy” Xalqaro jamg‘armasi filialining O‘zbekistondagi to‘qqizinchi “Ona uyi” resurs markazi ochildi. Uning ochilishi bilan loyiha birinchi marta mamlakat janubida faoliyat boshladi - endi og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolali ayollar uchun kompleks yordam ushbu hududda ham mavjud bo‘ldi.

JQJ_2388

Termizdagi yangi markaz o‘z yordam oluvchilariga vaqtinchalik xavfsiz yashash joyi, ovqatlanish, psixologik, yuridik va ijtimoiy yordam, mutaxassislar maslahatlari, shuningdek, zarur bo‘lganda hujjatlarni tiklash, ta’lim olish va ishga joylashishda ko‘mak beradi.