Brifingda bolalar ombudsmanining joriy yil dastlabki olti oyidagi faoliyati natijalari taqdim etildi. Qayd etilishicha, bu davrda vakil nomiga jami 1147 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarni o‘rganish natijasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 8 ta jinoyat ishi va 15 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni asossiz ravishda rad etish haqidagi 6 ta qaror prokuror tomonidan bekor qilinib, qayta o‘rganishga yuborilgan.

Bolalar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga 56 marta monitoring tashrifi amalga oshirilgan. Ularda saqlanayotgan 1289 nafardan ortiq bola bilan yakka tartibda va jamoaviy uchrashuv hamda suhbatlar o‘tkazilgan.

Bola huquqlari buzilishi yuzasidan jami 18 ta ta’sir chorasi qo‘llangan. Xususan, 4 ta ogohlantirish, 7 ta taqdimnoma, 5 ta xulosa hamda sud hujjatlari ustidan protest keltirish to‘g‘risida 2 ta iltimosnoma kiritilgan.

Bundan tashqari, bola huquqlariga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha 43 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasiga takliflar berilgan.

Bolalar ombudsmani YuNISeF bilan hamkorlikda «Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonundan xabardorlik darajasini o‘rganish maqsadida 9500 nafardan ortiq bola o‘rtasida ijtimoiy so‘rov ham o‘tkazgan.