Prezident farmoniga muvofiq, odam savdosidan jabrlangan erkaklar, chet el fuqarolari hamda maxsus dasturlar asosida O‘zbekistonga olib kelingan repatriantlar faqat Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markaziga qabul qilinadi.
Shuningdek, ixtisoslashgan hududiy markazlarning odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati respublika ixtisoslashgan markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslar ixtisoslashgan markazlar xizmatlaridan bir oygacha, odam savdosidan jabrlangan deb rasman tan olingan shaxslar esa ko‘pi bilan olti oy davomida foydalanishi mumkin.
Bunda shaxslar o‘zlariga tegishli maqom berilgan kundan boshlab belgilangan muddatlarda mazkur markazlarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, bir shaxs dastlabki identifikatsiya bo‘yicha takroran ushbu markazlarga joylashtirilmaydi.
Farmon bilan odam savdosidan jabrlanganlarning ixtisoslashgan markazlarga borib-kelishi bilan bog‘liq transport xarajatlarini qoplash tartibi ham joriy etildi. Unga ko‘ra, respublika reabilitatsiya markaziga qatnov uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, hududiy markazlarga qatnov uchun esa BHMning yarim baravari miqdoridagi mablag‘ «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.










