“Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “Inson” markazi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi (Agentlik) tizimidagi odam savdosidan jabrlangan shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan muassasalarga, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi.
Dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi 1 oygacha, yakuniy identifikatsiya qilish natijasida beriladigan odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi esa ko‘pi bilan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni yakuniy identifikatsiya qilish muddati 10 sutka etib belgilanadi.
2026-yil 1 sentyabrdan:
Agentlikning “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini O‘zbekiston hududida qabul qilish, mutaxassislar tomonidan ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladi;
O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalarida odam savdosidan jabrlanganlik holati bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladigan ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida Migratsiya jamg‘armasi hisobidan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan holda Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.











