Zalujniy ushbu fikrlarni 3-avgust kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan Ukraina elchilarining umumiy yig‘ilishida bildirgan. U yerda yevroatlantik integratsiya va mamlakat xavfsizligi masalalari muhokama qilingan.
Muzokaralar chog‘ida undan Britaniya boshchiligidagi Birlashgan ekspeditsion kuchlar (Joint Expeditionary Force – JEF) bilan hamkorlik haqida so‘ralgan. Javob davomida u Ukrainaning NATOga qo‘shilish istiqbollariga ham to‘xtaldi.
«NATOni juda yaxshi bilaman. Qariyb 12 yil davomida armiyamizda NATO standartlarini joriy etish bilan shaxsan shug‘ullandim. Har yili “yaqin orada Ukraina NATOga qabul qilinadi“ degan va’dalarni eshitardik. Afsuski, biz hech qachon NATOga kirmaymiz», - dedi Zalujniy.
Uning ta’kidlashicha, asosiy muammo Ukraina armiyasining rivojlanish darajasi emas, balki NATOning mavjud harbiy yondashuvlaridir. Zalujniy fikricha, alyans hali ham Ikkinchi jahon urushi davrida shakllangan doktrinalarga tayanadi va yaqin yillarda bu yondashuv keskin o‘zgarishi ehtimoli past.
Shu bilan birga, u Ukrainaga NATO mamlakatlarida mavjud zamonaviy harbiy texnologiyalar, ayniqsa, havo va raketa hujumidan mudofaa sohasidagi imkoniyatlar hamon zarurligini ta’kidladi. Bu borada u Patriot kabi havo hujumidan mudofaa tizimlarini misol keltirdi.
Zalujniyning fikricha, Ukraina kelajakda yangi tashkil etilayotgan yoki shakllanish jarayonidagi Yevropa xavfsizlik tuzilmalariga tayanishi mumkin. U shunday tuzilmalardan biri sifatida JEFʼni tilga oldi.
JEF 2015-yilda Buyuk Britaniya tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga Daniya, Finlandiya, Estoniya, Islandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Shvetsiya va Norvegiya kiradi. Koalitsiyaning asosiy maqsadi Shimoliy Yevropa, jumladan Boltiq va Arktika mintaqasi xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
2025-yil dekabr oyida Ukraina JEFʼning kengaytirilgan sherik maqomini olgan. Koalitsiya NATO bilan hamkorlik qilib, Rossiyaning dengizdagi faoliyatini tiyib turish bo‘yicha choralarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda Rossiyaning «soya floti»ga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligini bildirgan.
Shu bilan birga, Zalujniy Ukraina hozircha JEFʼga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘lida yetarlicha faol ishlamayotganini aytdi. Uning fikricha, mazkur koalitsiyaning boshqaruv tizimi ham hali to‘liq shakllanmagan va kollektiv mudofaa bo‘yicha NATOdagi kabi majburiyatlarni nazarda tutmaydi.











