Ukrainaning Odessa shahrida 32 yoshli erkak Hududiy komplektlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi harbiy xizmatchilariga qarata o‘q uzdi. Bu haqda Odessa viloyati politsiyasi hamda mahalliy nashrlar ma’lum qildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, hodisa safarbarlik tadbirlari davomida sodir bo‘lgan. Erkak markazning tuman bo‘limi xodimlari tomon bir necha marta Flober pistoleti (o‘q-dorisiz ishlaydigan kichik kalibrli o‘quv revolveri)dan o‘q uzgan.

Otishma oqibatida to‘rt kishi turli darajada jarohat olgan. Ulardan biri orqa qismiga og‘ir jarohat yetkazilgani sababli shifoxonaga yotqizilgan.

Markaz rasmiy bayonotiga ko‘ra, hodisa harbiy xizmatchilar o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda yuz bergan.

Hodisadan so‘ng politsiya gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Unga nisbatan Ukraina Jinoyat kodeksining Qurolli kuchlar va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilishga oid moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qo‘llangan qurolni ekspertizaga yuborgan bo‘lib, hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.