1-avgust kuni Moskvaning Barrikada ko‘chasidagi ko‘p qavatli bino oldida portlash ro‘y berdi. Bu vaqtda ushbu binoning birinchi qavatida joylashgan Balzi Rossi restoranida xususiy marosim o‘tkazilayotgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu portlash oqibatida besh kishi halok bo‘lib, yigirmadan ortiq kishi yaralangan. Portlovchi qurilmani restoranga kurer olib kelgan, qo‘riqchi uni ichkariga kiritmagan va shundan keyin qurilma masofadan turib portlatilgan.
Moskva shahri meri Sergey Sobyanin hodisani terakt deb atagan, hukumat bu borada rasman izoh bermagan, xususan, terakt nishoni kim ekani ma’lum qilinmagan. Rossiyaning Italiyadagi elchixonasi esa bu hujumda Ukrainani ayblab, «Kiyevdagi terrorchilar Rossiyada ishlayotgan italiyaliklarni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lgani» haqida bayonot berdi.
OAVga ma’lum bo‘lishicha, restoranda bu vaqtda RF havo-kosmik kuchlari boshlig‘i, general-polkovnik Aleksandr Chaykoning tug‘ilgan kuni o‘tkazilayotgandi: 27-iyul kuni u 55 yoshga to‘lgandi, mehmonlardan biri olgan videoda restoran sahnasida «Aleksandr 55 yoshda» yozuvi o‘rnatilganini ko‘rish mumkin.

Balzi Rossi’dagi ziyofat harbiy-kosmik kuchlar boshlig‘i sharafiga uyushtirilgani haqida hukumat ta’siridagi telegram-kanallar ham yozgan. «Meduza» ushbu hujum nishoni bo‘lgan va suiqasddan omon qolgan general haqida hikoya qildi.
Aleksandr Chayko Rossiyaning Ukraina bilan keng ko‘lamli urushi davrida suiqasd uyushtirilgan (agar hujum nishoni chindan ham u bo‘lsa) eng yuqori martabali generallardan biri bo‘ldi. Chayko Havo-kosmik kuchlariga 2026-yil mayida boshliq etib tayinlangandi, ammo ungacha ham RF uchun eng muhim va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarda rahbarlik lavozimlarini egallagan: xususan, Suriyadagi harbiy amaliyotni boshqargan, 2022-yil fevral-bahor oylarida esa Rossiya qo‘shinlarining Kiyev oblastiga yurishiga boshchilik qilgan. Uni ko‘plab harbiy jinoyatlarda ayblashgan, u Buyuk Britaniya va Yevroittifoqning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan – shu bilan bir vaqtda Rossiya Qahramoni (2020-yildan) hisoblanadi.
Suriya

RF prezidenti matbuot xizmati
Ochiq manbalarga ko‘ra, Aleksandr Yurevich Chayko odatiy harbiy biografiyaga ega. U 1971-yil 27-iyulda Moskva oblasti Golitsino shahrida dunyoga kelgan, 1988-yilda Moskvadagi Suvorov harbiy bilim yurtini tamomlagan, kursant sifatida xizmat qilgan, 1992-yilda G‘arbiy qo‘shinlar guruhi tarkibida Germaniyaga borgan, keyin Rossiyaga qaytgan va Moskva harbiy okrugida xizmat qilgan, jumladan, 2-Taman diviziya komandiri bo‘lgan. 2001-yilda Chayko Frunze nomidagi akademiyani, 2012-yilda – oliy qo‘mondonlik uchun kadrlar tayyorlovchi Bosh shtab harbiy akademiyasini tamomlagan. 2013-yilda general-mayor unvonini olgan va 2017-yilga qadar 1-tank armiyasini boshqargan (Rossiya qo‘shinlari Kiyev atrofidan chekinganida aynan shu bo‘linma hujjatlari Ukraina harbiylari qo‘liga tushib qolgan va RF qurolli kuchlari yo‘qotishlari to‘g‘risida qimmatli manbalardan biriga aylangan).
OAVda Chayko nomi ikki epizod bilan bog‘liq holda tilga olingan. Birinchisi – Suriyadagi xizmat, u bir yildan ortiq vaqt mobaynida (2019-yil sentyabridan 2020 noyabriga qadar va keyinroq 2021-yilda yana bir necha oy) RF qurolli kuchlarining ushbu mamlakatdagi guruhiga rahbarlik qilgan. Chayko bu lavozimda general-polkovnik Andrey Serdyukovni almashtirgan (undan oldingi boshliq Sergey Surovikin edi).
2020-yil Human Righs Watch huquq tashkiloti rossiyalik harbiylar, jumladan, Chaykoning Suriyadagi harakatlari batafsil tahlil qilingan hisobotni e’lon qiladi. Huquq himoyachilariga ko‘ra, Rossiya guruhiga Surovikin, Serdyukov va Chayko rahbarlik qilgan davr mobaynida olib borilgan harbiy harakatlar oqibatida tinch aholi vakillaridan kamida 1600 kishi halok bo‘lgan – asosan Idlib shahri atrofi va shu nomli tuman hududida. Jumladan, gap Chayko qo‘mondonligi davrida Rossiya qo‘shinlari tomonidan kasalxonalarga berilgan zarbalar bilan bog‘liq epizodlar haqida bormoqda.
Human Righs Watch tashkiloti dushman tomon harbiylari yoki harbiy texnikasi qayd etilmagan ob’yektlarga jami 46 ta zarbani hujjatlashtirgan. Tashkilotdagilar fikricha, bunday katta raqam fuqarolik ob’yektlariga bu kabi hujumlar tasodifiy xato bo‘lganini istisno qiladi. Shu bilan birga, inson huquqlari faollari operatsiyalarni Chayko buyruqlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi muayyan tafsilotlarni topa olmagan.
Maktablar va shifoxonalarga noqonuniy hujumlar bo‘yicha ayblovlar BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishlarida va Inson huquqlari kengashining ikkita sessiyasida ko‘tarilgan. Rossiyada shifoxonalarning koordinatalari bor edi (BMTning to‘qnashuvlarning oldini olish mexanizmi orqali olingan), shunga qaramay, bu ob’yektlarga zarba berildi. Bundan tashqari, 2020-yil yanvar oyida Chayko Putin va Shoyguga operatsiyalarning borishi haqida shaxsan hisobot bergan – bunday sharoitda u o‘z qo‘shinlarining harakatlaridan bexabar bo‘lgan va tinch ob’yektlarga ko‘plab hujumlar uchun javobgar emas deb taxmin qilish qiyin. Shunga qaramay, Suriyadagi xizmat yakunlariga ko‘ra, Chayko sud jarayoni ishtirokchisi emas, balki Rossiya Qahramoni bo‘ladi – 2020-yilda Vladimir Putin uni shu unvon bilan taqdirlaydi.
2022-yil iyunida Buyuk Britaniya Aleksandr Chaykoni Bashar Asad rejimiga yordam ko‘rsatganligi uchun sanksiya ostida bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritadi – ammo u aynan qanday jinoyatlarda ayblanishiga aniqlik kiritilmagan.
Ukraina

RF mudofaa vazirligi / TASS / Profimedia
Chaykoning 2022-yil fevral-mart oylarida Kiyevga hujum qilgan qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni sifatidagi faoliyati haqida ma’lumot ko‘proq. Bucha va Kiyev shimoli-g‘arbidagi boshqa joylarda tinch aholiga qarshi ko‘plab harbiy jinoyatlar, jumladan, sudsiz qotilliklar va qiynoqlar aynan Chayko qo‘mondonligi ostidagi rus harbiylari tomonidan sodir etilgan. Qotilliklar aynan ushbu aholi punktlari Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab turilgan davrda sodir etilgani ko‘plab mustaqil tekshiruvlar orqali isbotlangan (keyinchalik sahnalashtirilmagan).
O‘sha paytda okkupatsiya qilingan hududda Aleksandr Chayko qo‘mondonligi ostida sodir bo‘lgan voqealarda uning ishtiroki qanchalik muhim ekani aniq emas. Ukrainadagi prokurorlar Chayko muayyan jinoyatlar uchun buyruq bergani haqida dalillarga ega emasligini, ammo bu jinoyatlar uning boshqaruvi ostida ro‘y bergani aniq ekanini ta’kidlaydi. Ochiq manbalardan quyidagilar ma’lum:
- 2022-yil martida, Rossiya qo‘shinlari Kiyev atrofidan chekinishidan oldinroq, Chayko Kiyevga shimoli-g‘arbdan hujum qilayotgan kuchlar uchun qo‘mondonlik markazi joylashgan Zdvijyevka qishlog‘iga kelgandi. U yerda Chayko Kiyev operatsiyasida qatnashgan rossiyalik harbiylarni mukofotlaydi. «Barcha bo‘linmalar, barcha diviziyalar o‘rgatilganidek harakatlanmoqda», – deydi u 24-martdagi videoda. «Ular barchasini to‘g‘ri qilishmoqda. Ular bilan faxrlanaman».
- Kiyevga yurish amaliyoti davrida Chayko ko‘p vaqtini Zdvijyevkada o‘tkazgan, bu esa u «yerda nimalar bo‘layotganidan xabardor bo‘lgani»ni ko‘rsatadi. 2022-yil yozida, Associated Press jurnalistlari Rossiya qo‘shinlarining Kiyev ostonasidagi jinoyatlari yuzasidan katta surishtiruv tayyorlashganida, mahalliy aholi vakillari generalni fotosuratidan tanishgan.
- AP jurnalistlari aniqlashicha, kamida uch kishi (Nikolay Moroz, Andrey Voznenko va Mixail Gonchar) Zdvijyevkadagi rossiyalik harbiylar tez-tez tashrif buyuradigan uy hududida sudsiz qatl etilgan.
- Rossiya qo‘shinlarining hujum rejalari nusxalarini o‘rgangan Londondagi RUSI tahliliy markazi Kiyev yaqinidagi hujum paytida «milliy qarshilik»ni bloklash va yakson etish buyrug‘i ijrochilar emas, balki rahbariyat darajasida berilganini ta’kidlaydi. Askarlar Rossiya razvedkasi tomonidan tuzilgan ro‘yxatlardan foydalangan holda, tahdid solishi mumkin bo‘lgan barcha shaxslarni aniqlash va zararsizlantirish uchun kvartallarni ko‘zdan kechirib, tozalash operatsiyalarini o‘tkazgan. RUSI katta ilmiy xodimi Jyek Uotlingning so‘zlariga ko‘ra, bunday buyruqlar Chayko darajasida edi, shuning uchun u ularni ko‘rgan va imzolagan bo‘lishi kerak.
- 2025-yilda Ukraina xavfsizlik xizmati ilgari noma’lum bo‘lgan audioyozuvni e’lon qildi, unda Aleksandr Chayko 2022-yil mart oyida Kiyev g‘arbidagi aholi punktlari: Malin shahri va Teterevskoye qishlog‘iga zarba berishga buyruq bergani aytiladi. Xususan, u shturmchi aviatsiyaga «soat 5:30 da Teterevskoye aholi punktiga uchish va uni yer yuzidan yo‘q qilish» kerakligini aytadi. Zarbada aviatsiyadan tashqari reaktiv artilleriyadan, ya’ni keng hudud bo‘ylab zarba berish uchun mo‘ljallangan «Grad», «Uragan» va shunga o‘xshash qurilmalardan foydalanish ko‘zda tutilgan edi.
Hozircha Ukraina rasmiylari Barrikadadagi portlash va unga o‘zining aloqadorligi yuzasidan hech qanday bayonot bermadi. Volodimir Zelenskiy har kungi kechki videomurojaatida faqat Saratovdagi neftni qayta ishlash zavodi hamda Wildberries’ning Samara oblastidagi omboriga zarba haqida gapirgan, Moskvadagi portlashni esa tilga olmagan.












