Ukraina hukumati ortidan The Wall Street Journal nashrining amerikalik mulozimlar orasidagi manbalari ham Kreml harbiy safarbarlikning yangi to‘lqinini e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar RF rahbariyati bunday qadam tashlashga jur’at etsa, bu faqat Davlat dumasiga saylovlardan so‘ng sodir bo‘ladi. Ovoz berishning asosiy kuni 20 sentyabrga belgilangan.
Agar Vladimir Putin Donbassni to‘liq egallashga urinishda davom etadigan bo‘lsa, «unda safarbarlik e’lon qilishdan boshqa chora qolmasligi mumkin», deb hisoblaydi Moskva Strategiyalar va texnologiyalarni tahlil qilish markazi direktori Ruslan Puxov.
Zaxiradagilar va harbiy tajribaga ega bo‘lgan rossiyaliklar xizmatga chaqirilgan safarbarlikning birinchi to‘lqinidan farqli o‘laroq, yangi to‘lqin harbiy tajribasi kam yoki umuman jang qilishni istamaydigan odamlarni qamrab oladi, deyiladi maqolada. Shu bilan birga, bunday qarorning siyosiy risklari frontdagi harbiy ustunlikka erishishdan ko‘ra og‘irroq tosh bosishi mumkin.
Avvalroq «Meduza» va boshqa nashrlar manbalari oktyabr oyidayoq safarbarlikning yangi to‘lqini boshlanishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati shartnoma asosida harbiylarni yollash bilan bog‘liq muammolar fonida ommaviy chaqiruv haqida o‘ylay boshlagan. Shartnoma asosida xizmat qilishni xohlovchilar soni kamayib bormoqda, turli yo‘llar bilan shartnoma imzolashga ko‘ndirilganlar esa ko‘pincha harbiy xizmatga yaroqsiz bo‘lib chiqmoqda.
Yaqinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy razvedka ma’lumotlariga tayanib, Davlat dumasi saylovlaridan keyin Rossiyada safarbarlik bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandi. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, gap «yashirin» safarbarlik haqida ketmoqda, chunki Rossiya hukumati baribir jamiyatning reaksiyasidan xavotirda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina uchun safarbarlikning yangi to‘lqini «katta muammo» bo‘lishi mumkin, chunki Putin 300 mingdan 500 minggacha odamni safarbar qilishni rejalashtirmoqda.
Harbiy tahlilchi Ruslan Leviyevning fikricha, safarbarlik uchun harbiy sabablar yo‘q va ommaviy chaqiruv Rossiya armiyasiga frontdagi vaziyatni o‘zgartirishga yordam bermaydi. Shu bilan birga, bu qarorning iqtisodiy va siyosiy xarajatlari Rossiya hukumatiga «og‘riqli zarba» berishi mumkin.
«Meduza» harbiy eksperti Dmitriy Kuznets agar Rossiya armiyasidagi yo‘qotishlar soni shartnoma bo‘yicha qabul qilinayotganlar sonidan oshib ketsa, safarbarlikning yangi to‘lqini ehtimoli ortishini ta’kidlagan. Biroq hozircha Rossiya qo‘shinlarida shaxsiy tarkibning keskin taqchilligi kuzatilmayapti. Bundan tashqari, safarbarlikning o‘zi frontni yorib o‘tishga imkon beradigan ustunlikni taqdim etmaydi.












