Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumani, Jarariq mavzesi 1A/V uy hovlisiga ekilgan 400 tup daraxt kesib tashlangani haqida murojaat tarqaldi. Poytaxt ekologiya boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, mazkur hududda 400 tup daraxt mavjud bo‘lmagan. Green.tashkent.uz elektron daraxtlar bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda jami 112 tup daraxt ro‘yxatga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holat joriy yilning may oyi oxirlarida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan ekopolitsiyaning Shayxontohur tuman inspektorlari tomonidan 1-iyun kuni voqea joyiga chiqilib, o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lganki, mazkur yer maydoni 2017-yilda tadbirkor tomonidan sotib olingan hamda o‘sha vaqtda murojaatda tilga olingan daraxtlar mavjud bo‘lmagan. Keyinchalik bu manzilda istiqomat qiluvchi fuqaro S.D. shaxsiy mablag‘lari hisobidan 2–3 yillik mevali va manzarali daraxtlarni ekkan.

Shu bilan birga, fuqaro S.D. yollanma ishchilarni jalb qilgan holda 45 tup mevali va manzarali daraxtni noqonuniy ravishda kestirgan hamda 35 tup daraxt ko‘chatini belgilangan tartibga rioya etmagan holda Yangihayot tumani, Yangi Darxon MFY hududiga noqonuniy ko‘chirgan.

Mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan 10 mln 300 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilib, belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 49 mln 900 ming so‘m etib hisoblangan.

Shuningdek, 2026-yil 24-iyun kuni Ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida “Golden art house” MChJ hududida yana 3 tup daraxt tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborilgan.