Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, vaqtinchalik cheklovlar 2026 yil 31 iyul soat 23:00 dan 3 avgust soat 22:00 gacha amal qiladi.

Unga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on ko‘chasining Mustaqillik shohko‘chasi bilan kesishmasidan Osiyo ko‘chasigacha bo‘lgan qismi hamda Parkent ko‘chasining Mustaqillik shohko‘chasi kesishmasidan Parkent-2 ko‘chasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun yopiladi.

Ma’lum qilinishicha, cheklovlar asfalt yotqizish ishlarini sifatli va xavfsiz yakunlash, yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich takomillashtirish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.

Shahar hokimligi haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, ushbu davrda muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni hamda safarlarni oldindan rejalashtirishni tavsiya qildi.