Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng u mamlakat hududini tark etib, uzoq vaqt xorijda yashiringani sababli Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvga berilgan.
Interpolning Toshkent va Varshava Milliy markaziy byurolari muvofiqlashtirilgan harakatlari hamda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi vakili ishtirokida qidiruvdagi shaxsning turgan joyi aniqlandi. Shundan so‘ng xalqaro hamkorlik va ekstraditsiya tartib-taomillari doirasida u Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.

Qayd etilishicha, mazkur ekstraditsiya ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik hamda xalqaro politsiya tizimining jinoiy ta’qibdan yashirinib yurgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish borasidagi samaradorligini yana bir bor namoyon etdi.
Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi mamlakat tashqarisiga chiqib ketish qidiruvdagi shaxslarga jinoiy javobgarlikdan qochish imkonini bermasligini, xalqaro politsiya hamkorligi orqali ularni aniqlash, ushlash va O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur choralar izchil amalga oshirilishini ta’kidladi.











