Bu haqda 24 iyul kuni Polshaning Polsat telekanali xabar berdi.
Mazkur talab partiya raisi o‘rinbosari va Polshaning sobiq bosh vaziri Mateush Moravetskiy PiS doirasida «Rivojlanish Plyus» (Rozwój Plus) assotsiatsiyasini tashkil etganidan keyin qo‘yilgan.
Kachinskiy partiyani tark etayotgan siyosatchilarning ismlarini ochiqlamagan. Biroq u partiyadagi «obro‘li va juda muhim shaxs» tashkilotni bo‘lib yuborishni rejalashtirganini aytgan.
30 dan ortiq deputatning partiyadan chiqishi bo‘yicha yakuniy qaror 28 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan partiya kengashida tasdiqlanishi kutilmoqda.
PiS Seymdagi eng yirik fraksiya maqomini yo‘qotishi mumkin
Hozirga qadar PiSning 178 nafar deputati boshqa siyosiy kuchlarning sakkiz nafar vakili bilan birgalikda Polsha parlamenti quyi palatasi - Seymdagi eng yirik fraksiyani tashkil etib kelayotgan edi.
30 dan ortiq deputat partiyani tark etgach, PiS Seymdagi ikkinchi yirik fraksiyaga aylanishi mumkin. Bunday holatda bosh vazir Donald Tuskning liberal «Fuqarolik koalitsiyasi» yetakchiligidagi fraksiya birinchi o‘ringa chiqadi.
Kachinskiyning aytishicha, partiya a’zolari hujjatni imzolash zarurligi va uni imzolamaslik qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan bilgan.
Uning ta’kidlashicha, mojaro nafaqat Moravetskiy tashkil etgan assotsiatsiya bilan, balki bir necha hafta oldin paydo bo‘lgan partiyani bo‘lib yuborish taklifi bilan ham bog‘liq.
Kachinskiy shu sabab «Rivojlanish Plyus» assotsiatsiyasini partiyani bo‘lish rejasining bir qismi sifatida qabul qilganini aytdi. Uning fikricha, assotsiatsiya ilgari surayotgan g‘oyalarni PiSning o‘zi doirasida ham amalga oshirish mumkin edi.
Kachinskiy va Moravetskiy o‘rtasidagi kelishmovchilik
PiS ichidagi qarama-qarshilik 2026 yil mart oyidan kuchaya boshlagan. O‘shanda Kachinskiy 2027 yil kuzida o‘tkaziladigan parlament saylovlarida partiyaning bosh vazirlikka nomzodi sifatida sobiq ta’lim va fan vaziri Pshemislav Charnekni ko‘rsatgan.
Charnek partiyaning qattiq o‘ng qanoti vakili sifatida tanilgan. Bu qaror orqali PiSni o‘ta o‘ng qarashdagi saylovchilar uchun yanada jozibador qilish maqsad qilingani aytilmoqda.
2017–2023 yillarda Polsha bosh vaziri bo‘lgan Mateush Moravetskiy esa boshqa strategiyani qo‘llab-quvvatlagan. Uning tashabbusi PiSʼni nafaqat qattiq o‘ng, balki o‘ng markazchi siyosiy kuchlarni ham birlashtiradigan keng siyosiy lagerga aylantirishga qaratilgan.
Aprel oyida Moravetskiy partiyaning bir qator vakillari bilan «Rivojlanish Plyus» assotsiatsiyasini tashkil etdi. Uning maqsadi PiS atrofida Polsha o‘ng va o‘ng markaz kuchlarini birlashtirish bo‘lgan.
Biroq Kachinskiy bu formatni qabul qilmagan. 15 iyul kuni assotsiatsiya a’zolaridan 23 iyulga qadar boshqa siyosiy birlashmalar doirasidagi faoliyatdan voz kechishni nazarda tutuvchi hujjatni imzolash talab qilingan.
Moravetskiy: Bizga soxta tanlov taklif qilindi
Moravetskiy hujjatni imzolamaslik qarorini izohlar ekan, partiya rahbariyati ularni ikki yo‘ldan birini tanlashga majbur qilganini aytdi.
«Bizga soxta tanlov qo‘yildi: yo qonuniy ijtimoiy va siyosiy faoliyatimizni to‘xtatishimiz, yoki ko‘p yillar sadoqat bilan xizmat qilgan partiyamizdan chiqarilishimiz kerak edi», - dedi sobiq bosh vazir.
Uning ta’kidlashicha, assotsiatsiya a’zolari PiSʼdan ketishni istamagan, aksincha, kengroq o‘ng siyosiy kuchlarning saylovda g‘alaba qozonishi uchun samaraliroq ishlashni maqsad qilgan.
PiS reytingi pasaymoqda
Partiyadagi ichki mojaro PiS reytingi 2025 yil kuzidan buyon pasayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Bir yilga yaqin vaqt avval PiS ommaviylik bo‘yicha Donald Tuskning «Fuqarolik koalitsiyasi»dan oldinda edi. Politico keltirgan so‘rovlarga ko‘ra, hozir PiSʼni saylovchilarning 26 foizi, «Fuqarolik koalitsiyasi»ni esa 32 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda.
Dpa agentligi bahosiga ko‘ra, 30 dan ortiq deputatning partiyadan ketishi PiS reytingiga qo‘shimcha salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bunda partiya elektoratining bir qismi yanada konservativ siyosiy kuchlarga - reytingi 12,4 foiz bo‘lgan «Ozodlik va mustaqillik konfederatsiyasi» yoki 9,6 foiz qo‘llab-quvvatlashga ega «Polsha toji konfederatsiyasi»ga o‘tishi mumkin.
Saylovchilarning nisbatan mo‘’tadil qismi esa Moravetskiy atrofida shakllanayotgan siyosiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlashi ehtimol qilinmoqda.











