Moliya vazirligining Fiskal tahlillar instituti davlat byudjyeti samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

Institut nuqtayi nazariga ko‘ra, davlat xarajatlarini boshqarish to‘rtta asosiy tamoyilga tayanishi kerak. Bular – doimiy byudjyet majburiyatlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, davlat ko‘magini haqiqatan muhtoj qatlamlarga yo‘naltirish, investitsion xarajatlar ulushini oshirish hamda mablag‘larni xarajatning o‘ziga emas, ko‘rsatilayotgan xizmat hajmi va sifatiga bog‘lashdan iborat.

2026-yilda davlat byudjyetidan subsidiya va transfertlar uchun 52 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Shundan 28,6 trillion so‘mi issiqlik ta’minoti, ipoteka, transport, nodavlat bog‘chalar, talabalar turar joyi va ta’lim kreditlari kabi yo‘nalishlarga subsidiya sifatida yo‘naltirilgan bo‘lsa, yana 23 trillion so‘mi Pensiya jamg‘armasiga transfert hisoblanadi.

Institut fikricha, asosiy muammo subsidiya hajmida emas, balki uning kimga, qanday mezon asosida va qanday natija uchun berilayotganidadir. Shu bois subsidiyalarni manzilli, shaffof va natijaga bog‘langan tizim asosida taqsimlash taklif qilindi.

Minimal ish haqi

Institut 2030-yilgacha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini bosqichma-bosqich median ish haqining 40 foizigacha yetkazishni taklif qildi.

Birinchi bosqichda bu yondashuvni qurilish, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida sinov tariqasida joriy etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, byudjyet tashkilotlarida eng kam ish haqini avtomatik hisob-kitob bazasi sifatida qo‘llash amaliyotini qayta ko‘rib chiqish hamda buning uchun alohida hisoblash miqdorini joriy etish taklif etildi.

Bundan tashqari, minimal soatbay va kunbay ish haqi stavkalarini belgilash, ayrim mehnat nizolari bilan bog‘liq yuklamalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazish orqali ish beruvchilar tavakkalchiligi kamaytirilishi mumkinligi qayd etildi.

Transport subsidiyalari

Institut jamoat transportida ham subsidiya hajmini emas, xizmat natijasini moliyalashtirish tamoyiliga o‘tishni taklif qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, brutto-shartnomalar uchun yiliga 1,9 trillion so‘m byudjyet mablag‘i sarflanadi. Shundan 1,3 trillion so‘mi Toshkent jamoat transportiga yo‘naltiriladi. Transport xarajatlarining 65,1 foizi subsidiya hisobidan qoplanmoqda.

Shu bois yo‘lovchi oqimi past bo‘lgan yo‘nalishlarni optimallashtirish, tariflarni iqtisodiy asoslangan darajaga bosqichma-bosqich yaqinlashtirish hamda tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larning bir qismini xizmat sifati ko‘rsatkichlariga bog‘lash taklif etildi.

Ta’lim kreditlari

Institut oliy ta’limni moliyalashtirish tizimini ham qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, ta’lim kreditlari uchun 2 trillion so‘m resurs ajratilgan, 85 ming talaba kredit olmoqda va ularning 84 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Kredit foizlarini qoplash uchun esa yana 830 milliard so‘m sarflanmoqda. Taklifga ko‘ra:

  • ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand talabalar foizsiz kredit olishi;
  • akademik natijasi yuqori bo‘lgan talabalar uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida imtiyozli kredit berilishi;
  • qolgan talabalar uchun amaldagi standart kredit shartlari saqlanishi mumkin.

Shuningdek, stipendiyalarni manzillashtirish, ularning miqdorini minimal iste’mol xarajatlari darajasigacha oshirish, talabalar turar joyi subsidiyalarini saqlab qolish va haq to‘lanadigan stajirovkalarni kengaytirish taklif qilindi.

Magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari uchun ajratilayotgan 125 milliard so‘mlik qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish ham maqsadga muvofiq ekani bildirildi.

Pensiya tizimi

Ma’ruzada pensiya tizimining moliyaviy barqarorligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 4 milliondan ortiq fuqaro pensiya oladi. 2026-yilda Pensiya jamg‘armasiga 23 trillion so‘m to‘g‘ridan to‘g‘ri, yana 12 trillion so‘m bilvosita byudjyet ko‘magi ajratiladi. Biroq jamg‘armaning o‘z daromadlari pensiya xarajatlarini to‘liq qoplay olmayapti.

Institut sug‘urta badallari to‘lanmaydigan ayrim davrlar uchun pensiya xarajatlarini Pensiya jamg‘armasi emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat byudjyeti hisobidan moliyalashtirishni taklif qildi.

Shuningdek, rasmiy bandlikni kengaytirish, minimal sug‘urta stajini bosqichma-bosqich 7 yildan 15 yilgacha oshirish hamda pensiyani so‘nggi 20 yillik daromad asosida hisoblash tizimiga o‘tish taklif etildi.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘shimcha 1 million kishini rasmiy bandlikka jalb qilish davlat byudjyetiga yiliga 3 trillion so‘mgacha qo‘shimcha tushum olib kelishi mumkin. Bu mablag‘ evaziga 480 o‘rinli qariyb 100 ta maktab qurish imkoniyati yuzaga keladi.