“Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.
Boshpanasiz shaxslarni Ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
2026-yil 1 sentyabrdan boshlab:
Ijtimoiy markazlarga boshpanasiz shaxslar ularning roziligi bilan joylashtiriladi;
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana hamda ushbu markazlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi;
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar individual rejalarga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi.
2026-yil 1 oktyabrdan Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi hamda ularni kasbga o‘qitish bo‘yicha tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.
Boshpanasiz shaxslar Ijtimoiy markazlarda bo‘lgan davrida ushbu muassasaga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.











