Adliya vazirligi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yonilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan 1 iyulgacha paxta va bug‘doy yetishtiruvchi fermerlar birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yonilg‘isining 1 tonnasi narxi 13 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan taqdirda, oshgan summaning 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi.
Subsidiyani olish uchun dizel yonilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi, fermerning yer maydonlari va ekin turlari Agroportal tizimiga kiritilgan bo‘lishi hamda yonilg‘i aprel–iyun oylarida agrotexnologik xaritada belgilangan ishlar uchun sarflangan bo‘lishi lozim.
Subsidiya miqdori Agroportal ma’lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi va mablag‘lar Agentlik tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga uch ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Agar texnik nosozlik yoki ma’lumot almashinuvidagi uzilishlar sababli fermer haqidagi ma’lumotlar Agentlikka yetkazilmagan bo‘lsa, u yozma ravishda yoki Agroportal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.











