1 avgust kuni taxminan tushdan keyingi 14:30 lar atrofida Aydaho shtati Tvin-Fols shahrida In-N-Out Burger restorani yaqinida otishma sodir etildi. Reuters’ning yozishicha, savdo markazida qurollangan yosh yigitning o‘t ochishi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar ichida otishmani uyushtirgan shaxsning o‘zi ham bor.
Tvin-Fols politsiya boshlig‘i so‘zlariga ko‘ra, ayni dam aholiga xavf yo‘q, chunki o‘qotar qurol ko‘tarib chiqqan erkakning o‘zi ham o‘ldirilgan.
Shaharning jamoatchilik bilan aloqalar departamenti koordinatori Josh Palmerning mediaga ma’lum qilishicha, otishma sodir bo‘lgan joy gavjum hudud hisoblanadi va kamida ikki kishi jarohatlangan. Hozir ular kasalxonada qolmoqda. Politsiya otishma sabablarini o‘rganmoqda, voqeadan so‘ng atrofdagi asosiy yo‘llar hamda yaqin ko‘priklar harakat uchun yopildi.
Eslatib o‘tamiz, qariyb 50 ming aholiga ega Tvin-Fols shahri Aydaho shtatining markaziy qismidagi Magic Valley mintaqasida joylashgan.
O‘tgan hafta yakshanba kechda esa Vashington shtati Siyetl shahrida qurolli otishma sodir bo‘lib, unda ham 3 kishi halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng Siyetldagi davlat bayroqlari motam sabab yarim metr pastga tushirilgan.











