AQShning Vashington shtatidagi Spokan shahri atrofida avj olgan o‘rmon yong‘inlari sababli qariyb 60 ming kishiga evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inlar oqibatida hozirga qadar 600 ga yaqin bino, jumladan turar joylar va korxonalar vayron bo‘lgan. Shtat hukumati hisobotiga ko‘ra, yong‘in 250 ming akrdan ortiq, ya’ni 101 ming gektardan ziyod hududni qamrab olgan.

Spokan yong‘in xavfsizligi xizmati rahbari Tom Uilyamsning bildirishicha, uchta yirik yong‘in o‘chog‘i evakuatsiya e’lon qilingan hududlarga xavf solmoqda. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga Milliy gvardiya bo‘linmalari bilan bir qatorda AQShning o‘ndan ortiq shtatidan kelgan o‘t o‘chiruvchilar ham jalb qilingan.

O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi Vashington shtati hukumati bilan yaqin hamkorlikda vaziyatni muntazam kuzatib borayotganini ma’lum qildi.

Konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ma’lumotlar asosida o‘rmon yong‘inlaridan jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.

Bosh konsul Ahror Burhonov yong‘in xavfi mavjud hududlarda bo‘lib turgan vatandoshlarni ehtiyotkorlik choralariga qat’iy rioya qilishga, mahalliy hokimiyat va favqulodda xizmatlar ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirdi.

Favqulodda vaziyat yoki konsullik yordami zarur bo‘lgan taqdirda, fuqarolar O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasining kechayu kunduz ishlaydigan aloqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.