Italiyaning Thaon di Revel kemasi O‘rtayer dengizida Yevroittifoq Rossiya soya flotiga aloqador deb hisoblagan Toa Payoh tankerini to‘xtatdi, deb xabar berdi Italiya mudofaa vazirligi.

Operatsiya Italiyaning Pantelleriya oroli g‘arbida o‘tkazilgan. Tanker Benindan Istanbul tomon suzayotgan bo‘lgan va u Yevroittifoq sanksiyalari ostida, deb yozmoqda Reuters. Italiya mudofaa vazirligining bildirishicha, kema kapitani harbiylar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganidan so‘ng unga vertolyotdan harbiylar guruhi tashlangan.

Tanker ikki soatga yaqin vaqt davomida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruvda Gretsiya kemasi va Polsha dengiz patrul samolyoti ham ishtirok etgan. Italiya hukumati tekshiruv vaqtida olingan hujjatlarni o‘rganmoqda.

Iyun oyi boshlarida yevrodiplomatiya rahbari Kaya Kallas Yevroittifoq mamlakatlari o‘z kemalariga O‘rtayer dengizida YeI Rossiya soya flotiga aloqador deb hisoblagan xorijiy tankerlarni ko‘zdan kechirishga ruxsat berganini ma’lum qilgandi. Iyul oxirlarida Kallas «Rossiya soya flotiga qarshi kurash kuchaygani»ni e’lon qildi.